Uch haftadan buyon davom etayotgan oʻrmon yongʻinlari Kaliforniyadagi “oltin vasvasasi” nomi bilan mashhur boʻlgan Grinvill shahrini butkul vayron qildi.

Guvohlarning soʻzlariga koʻra, “Diksi” yongʻini shaharga tunda yetib kelgan va ikki soat ichida uni butkul vayron qilgan.

“Associated Press”ning xabar qilishicha, shahardagi yoqilgʻi quyish shoxobchasi, bar va mehmonxona ham yonib ketgan.

Grinvillga odamlar, asosan, XIX asr oʻrtalarida koʻchib kelishgan. Ularning aksariyatini bu yerga “oltin vasvasasi” yetaklab kelgan. Shahardagi ayrim binolar bundan 100-yil oldin qurilgan. Hozir unda 1,1 ming odam istiqomat qiladi.

Kaliforniya oʻrmon xoʻjaligi va yongʻindan himoya qilish departamenti maʼlumotiga koʻra, ayni paytda “Diksi” yongʻini 112,5 ming gektardan ortiq maydonni qamrab olgan. Alanga 60 dan ortiq binoni yoʻq qilgan, yana 12 mingdan ortiq bino xavf ostida.

Xabarda aytilishicha, yongʻin maydonining 35 foizi oʻchirilgan, 13-avgustgacha alanga toʻliq nazorat ostiga olinishi rejalashtirilgan.