Ushbu jarayonda tabiiy gaz tarkibidagi turli ogʻir uglevodorodlar hamda oltingugurt moddasi ajratib olinadi. Hozirgi kunda Muborak GQIZda yiliga oʻrtacha 340 ming tonna oltingugurt mahsuloti ishlab chiqariladi. Ushbu miqdorning 20 foizi “Oʻzbekneftgaz” AJ hamkorligidagi qoʻshma korxonalarga tegishli gazni qayta ishlash hisobiga ajratib olinadi.
Oltingugurt maxsuloti asosan, qishloq xoʻjaligi, togʻ-kon va kimyo sanoatida, mineral oʻgʻitlar, sulfat kislotasi, gugurt va boshqa kimyoviy moddalarni ishlab chiqarish uchun foydalaniladi.
Respublikamizdagi yirik ishlab chiqarish korxonalari hisoblanadigan “Navoiy kon metallurgiya kombinati” DK, “Maksam Chirchiq” MCHJ QK, “Navoiyazot” AJ korxonalarining oltingugurt mahsulotiga boʻlgan talabi Muborak gazni qayta ishlash zavodi tomonidan qondirilib kelinyapti. Oʻtgan yil mobaynida 151,8 ming tonna oltingugurt mahsuloti ichki isteʼmolchilarga yetkazib berildi.
Shuningdek, Muborak GQIZda ishlab chiqarilgan oltingugurt mahsulotining bir qismi eksportga yoʻnaltiriladi. Misol uchun “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan oltingugurt mahsuloti eksporti 2018 va 2019-yillarda mos ravishda 75,7 va 56,9 ming tonnani tashkil etgan boʻlsa, 2020-yilga kelib esa pandemiya natijasida bu koʻrsatkich 7,5 ming tonnagacha tushib ketdi.
Ushbu davrlardagi mahsulotga boʻlgan talabning va eksport hajmining tushishi 2019–2020-yillarda Muborak GQIZda oltingugurt mahsulotining qoldigʻini keskin darajada oshib ketishiga olib keldi va 2021-yil 1-yanvar holatiga mahsulot hajmi 724,5 ming tonnani tashkil etdi.
Katta miqdordagi oltingugurt mahsulotining yigʻilib qolishi Muborak GQIZ atrofidagi hududlarning ekologik holatiga va aholining salomatligiga xavf sola boshladi.
2021-yil boshida, “Oʻzbekneftgaz” AJda Muborak GQIZda oltingugurt mahsuloti qoldigʻini kamaytirish va mavjud ekologik holatni yaxshilash maqsadida aniq va manzilli “Yoʻl xarita”lari ishlab chiqildi hamda mahsulot eksportini oshirish maqsadida chet el xaridorlarini jalb qilish choralari koʻrildi.
Shuningdek, zavod hududida saqlanayotgan oltingugurt miqdorlarini kamaytirish uchun, qoʻshma korxonalarga (LUKOYL, “New Silk Road Oil and Gas” MCHJ QK) oltingugurt mahsulotini yuklab berish xizmati yoʻlga qoʻyildi. Buning natijasida qoʻshma korxonalarga tegishli 210,0 ming tonna mahsulot xaridorlarga yuklab joʻnatildi yoki 5,1 milliard soʻmlik yuklash xizmatlari amalga oshirildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida joriy yil boshidan 633,0 ming tonna mahsulot (oʻtgan yilga nisbatan 4 barobar koʻp) yuklab joʻnatilgan boʻlsa, shundan 224,6 ming tonnasi eksportga (qiymati 4,5 million dollar) va 408,4 ming tonnasi ichki bozorga yoʻnaltirildi (qiymati 81,6 milliard soʻm) va bu orqali zavoddagi oltingugurt mahsuloti qoldigʻini uch baravarga kamaytirishga erishildi, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.