Murojaatlar Ombudsman tomonidan oʻrganilib, Ichki ishlar vazirligi va Oliy sudga ushbu holatni bartaraf etish yuzasidan soʻrov xati kiritilib, ijrosi nazoratga olingan. Natijada, Jinoyat ishlari boʻyicha tegishli sudlarning ajrimi bilan 48 nafar mahkumga tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo axloq tuzatish ishlariga, 3 nafar mahkumga tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi shartli ravishda ozod etishga va 2 nafar mahkumga tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi ozodlikni cheklash jazosiga almashtirilgan. Qolgan 8 nafar mahkumning intizomiy jazosi mavjud boʻlganligi sababli insonparvarlik dalolatnomasi qoʻllanilishi rad etilgan.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 73, 74, 89-moddalarida jazoni oʻtashda muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki yengilrogʻi bilan almashtirish tartibi belgilangan.

Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylar, jumladan gauptvaxta, intizomiy qism, tergov hibsxonalari, jazoni ijro etish koloniyalari va majburiy davolash muassasalarida saqlanayotgan shaxslar va ularning yaqin qarindoshlari, Ombudsmanga “10-96” qisqa raqamli “Ishonch telefoni”, tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar ushbu muassasalarga oʻrnatilgan “Ombudsman qutilari” yoki ushbu joylarda saqlanayotgan shaxslarning yaqin qarindoshlari info_ombudsman.uzb@umail.uz elektron pochtasi orqali murojaat qilishlari mumkin.

Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati