Joriy yilning 11-iyun kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) va Toshkent davlat yuridik universiteti oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi va ushbu memorandum doirasida Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) qoshida “Ombudsman klubi” tashkil etildi, deb xabar beradi Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati.

Uchrashuv davomida yuqori malakali yuridik kadrlarni tayyorlash sohasida hamkorlikni rivojlantirish, talabalarning nazariy va amaliy tayyorgarligi oʻrtasida oʻzaro aloqani taʼminlash, ularda amaliy ishda zarur boʻlgan koʻnikmalarni shakllantirish, TDYUU talabalarini Ombudsman faoliyatiga keng jalb etish boʻyicha hamkorlik masalalari muhokama etildi.

Tadbirda taʼkidlanishicha, Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan taʼlimning uzluksizligi va uzviyligi taʼminlash, bilim va isteʼdodni ragʻbatlantirish hamda yuqori malakali yuridik kadrlarni tayyorlashning samarali mexanizmlarini joriy etish maqsadida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. “Ombudsman klubi”ning tashkil etilishi ham bu boradagi muhim qadamlardan sanaladi.

Shu kunning oʻzida talabalarni Ombudsman faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida “Inson huquq va erkinliklarini taʼminlash kafolati” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Unda Harakatlar strategiyasi doirasida mamlakatimizda inson huquqlarini kafolatlash borasida amalga oshirilgan islohotlar, Ombudsman institutining vakolatlari va faoliyat yoʻnalishlari, qiynoqlarga qarshi kurashish borasidagi davlat siyosati va “Ombudsman klubi” aʼzolarining Vakil faoliyati bilan yaqindan tanishish hamda murojaatlar bilan ishlashdagi ishtiroki haqida soʻz bordi.

Ombudsman Feruza Eshmatovaning soʻzlariga koʻra, soʻnggi yillarda Vakil faoliyatining huquqiy asoslari mustahkamlanib, uning vakolatlari kengaytirildi, Ombudsman huzurida qiynoqlarning oldini olish boʻyicha Milliy preventiv mexanizm yoʻlga qoʻyilib, bu orqali jazoni ijro etish muassasalarida, tergov hibsxonalari va boshqa yopiq muassasalarda inson huquqlarining taʼminlanishi boʻyicha jamoatchilik nazorati oʻrnatildi.

Hozirda Ombudsmanga yuborilayotgan murojaatlar soni kundan-kunga ortib bormoqda. Kuniga 150-200 ta baʼzida undan ham koʻp murojaatlar kelib tushadi. Bu bir tomondan xalqning Vakilga nisbatan ishonchini bildirsa, ikkinchi tomondan unga katta masʼuliyat ham yuklaydi. Shuning uchun, xalq ishonchini oqlash, murojaatlarni hal etishda natijadorlikka erishish hamda qiynoqqa qarshi kurashishda mavjud imkoniyat va resurslarimizdan maksimal darajada foydalanayapmiz. Lekin, malakali yuridik kadrlarga ehtiyojimiz ham ortib bormoqda. Chunki, birgina murojaatni oʻrganib chiqib, davlat idoralariga soʻrov yuborish, axborot soʻrash, Vakil xulosasi yoki taqdimnomasini tayyorlash uchun maʼlum bir vaqt va malaka talab etiladi. Maqsadimiz - hamkorlikda ishlab, talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan bogʻlagan holda Ombudsman institutining yuqori malakaga ega boʻlajak yuristlarni yetishtirishdir.

Tadbirda taʼkidlanishicha, “Ombudsman klubi” aʼzolari darsdan soʻng Ombudsman instituti mutaxassislariga biriktirilgan holda murojaatlar bilan ishlash, qabullarda ishtirok etish, jazoni ijro etish muassasalariga oʻtkaziladigan monitoring tashriflarini kuzatish kabi yoʻnalishlarda oʻz koʻnikmalarini oshirishlari mumkin.

Davra suhbati savol-javoblarga boy tarzda, erkin muloqot shaklida oʻtkazildi. Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili talabalar tomonidan berilgan savollarga batafsil javob berdi. Ushbu davra suhbati orqali ishtirokchilar Ombudsmanning vakolatlari va unga kelib tushayotgan murojaatlar, inson huquqlarining kafolatlanishi borasidagi xalqaro va milliy tajriba haqida koʻplab maʼlumotlarga ega boʻlishdi va yana shu kabi uchrashuvlarni doimiy ravishda oʻtkazish taklifini bildirishdi.