Mazkur tashrif doirasida mahkumga Toshkent shahar Kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi tomonidan homiylik asosida nogironlar aravachasi taqdim qilindi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati xabariga koʻra, 26-may kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova boshchiligidagi ekspertlik guruhi va OAV ishtirokida Toshkent shahridagi 23-son mahkumlarga moʻljallangan ixtisoslashgan kasalxonaga monitoring tashrifi amalga oshirildi.
Mazkur mahkumlar kasalxonasi binosi 1957-yilda qurilgan boʻlib, 20 ta boʻlim, jumladan 2 ta laboratoriyaga ega. Jumladan, qabul boʻlimi, terapiya, nevrologiya, jarrohlik, stomatologiya, diagnostika, laboratoriya, sil kasalliklari kabi boʻlimlar hamda 200dan ortiq tibbiyot xodimi bu yerdagi mahkumlarga sifatli xizmat koʻrsatib kelmoqda. Muassasada 1130 ta oʻrin mavjud boʻlib, yiliga oʻrtacha 4000-5000 mahkum turli hududlardagi koloniyalardan kelib davolanadi. Ayni paytda davo muolajalarini olayotganlar soni 608 nafardan iborat. Bu yerda yiliga bir yarim mingdan ortiq jarrohlik muolajasi amalga oshiriladi. Joriy yil boshidan buyon 238 ta jarrohlik amaliyoti bajarilgan.
IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti Tibbiyot boshqarmasi boshligʻi, podpolkovnik Bahodir Yusupovning soʻzlariga koʻra, 2020-yilda tarqalgan kovid-19 infeksiyasini oʻz vaqtida davolash va kasallikni oldini olish maqsadida 23-son mahkumlarga moʻljallangan ixtisoslashgan kasalxonada PSR va OIV/OITS laboratoriyasi 28 kun davomida qurib bitkazilib, zarur tibbiy jihozlar, test tahlillari bilan taʼminlandi. Hozirda mazkur laboratoriyada 10 nafar xodim faoliyat olib boradi.
Qonun hujjatlariga koʻra, jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslarga malakali tibbiy yordam koʻrsatish ixtisoslashtirilgan kasalxonada amalga oshiriladi. Ixtisoslashtirilgan kasalxonada tibbiy yordam koʻrsatish imkoniyati boʻlmaganda yoki shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish zarur boʻlgan hollarda jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar sogʻliqni saqlash tizimining davolash-profilaktika muassasalariga joylashtirilishi mumkin.
Ekspert guruhi qisqa muddatli uchrashuv xonalari hamda telefon soʻzlashuv honalarini ham koʻzdan kechirdi. Kasalxonada qisqa muddatli uchrashuvlar uchun videokonferensaloqa xizmati ham yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, u orqali bemor mahkumlar yaqinlari bilan 2 soat davomida virtual muloqotda boʻlishlari mumkin.
Anʼanaviy 2 soatlik uchrashuvlar va advokat bilan suhbatlar ham mahkumlarning sogʻligʻini asrash maqsadida oyna ortida amalga oshiriladi.
Qayd etish lozimki, kasalxonada davolanayotgan bemor mahkumlarga uzoq muddatli uchrashuvlarga ruhsat berilmaydi. Faqatgina mazkur muassasadagi xoʻjalik ishlariga jalb etilgan mahkumlargina, haftaning juma, shanba va yakshanba kunlari uzoq muddatli uchrashuvlarga chiqishlari mumkin.
Ekspert guruhi aʼzolari fuqarolar qabulxonasi boʻlimida pochta va banderollarni qabul qilish jarayoni bilan ham tanishdi. Qabulda navbatda turganlar bilan suhbatlashilganda ham, kasalxona xodimlaridan minnatdor ekanliklarini bildirishdi.
Oshxona va mahkumlarga ovqat tayyorlash jarayonlari, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash ombori, taomnoma ham koʻzdan kechirilganda, jiddiy kamchiliklar aniqlanmadi.
Monitoring davomida mahkumlarga tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini oʻrganish maqsadida davolash xonalari (kamera)ni koʻzdan kechirilib, gigiyena-sanitariya qoidalariga rioya qilinishi tekshirildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova
— Albatta ushbu kasalxonadagi sharoitlar yildan-yilga yaxshilanib bormoqda. Eʼtiborli jixati, bu muassasada boshqa yopiq muassasalardan farqli oʻlaroq, tibbiy xodimlar yetishmasligi bilan bogʻliq muammolar yoʻq. Barcha turdagi tibbiyot mutaxassislari oʻrni band qilingan. Vakant joylar yoʻq.
Lekin, muassasada baʼzi boʻlimlarda taʼmirlash ishlari ketayotgani sababli, palatalardagi bemorlar krovatlari bir-biriga yaqin joylashtirilgan. Monitoringimiz davomida diagnostika boʻlimi deyarli toʻliq taʼmirdan chiqarilib, 1 oy ichida ishga tushirilishi aytildi. Oʻylaymanki, bu muammo ham tez orada hal etiladi. Aytishim kerakki, hali taʼmirlanmagan binolarda hal etilishi kerak boʻlgan ventilyatsiya va yoritish bilan bogʻliq muammolar bor.
Shuningdek, mahkuma ayollarning ham davolanishi uchun ushbu kasalxonada alohida sharoitlar yaratilishi kerak deb hisoblayman.
Ombudsmanga 23-son mahkumlarga moʻljallangan ixtisoslashgan kasalxonada jazo muddatini oʻtayotgan mahkum N.U. erkin harakatlanish imkoniyati cheklanganligi sababli nogironlar aravachasi olishida amaliy yordam soʻrab murojaat qilgan edi. Mazkur tashrif doirasida mahkumga Toshkent shahar Kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi tomonidan homiylik asosida nogironlar aravachasi taqdim qilindi.