Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmatining xabar berishicha, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini vaqtincha saqlash joylaridagi sharoitlar bilan tanishish maqsadida Sankt-Peterburgning Krasnosel tumanida joylashgan 1-sonli xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markazi faoliyati bilan tanishdi.

Ombudsman boshchiligidagi delegatsiya vakillari Oʻzbekiston Respublikasining 152 nafar fuqarosi vaqtincha saqlanayotgan ushbu markazda hamyurtlarimizning yashash, ovqatlanish, tibbiy xizmatdan foydalanish kabi sharoitlarini oʻrganish bilan birga muhojirlarni qiziqtirgan barcha masalalar boʻyicha huquqiy maslahatlar berishdi. Shuningdek, ular mehnat migratsiyasi sohasida Rossiya Federatsiyasi qonunchiligining asosiy normalari haqida xabardor qilindi.

Ombudsman va Krasnosel tumanida joylashgan 1-sonli xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markazi vakillari bilan muloqotda chet el fuqarolarining shaxsini aniqlash jarayoni, ularini oʻz Vataniga qaytarishda hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi va uni soddalashtirish masalasi muhokama qilindi.

Shuningdek shu kunning oʻzida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov va Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatovalar Sankt-Peterburg iqtisodiyot oliy maktabi ilmiy-tadqiqot universitetining kafedra mudiri, Sankt-Peterburg gumanitar va siyosiy markazi prezidenti professor A.Yu.Sungurov va Sankt-Peterburgdagi Inson huquqlari boʻyicha vakili Apparati rahbari O. O. Shtannikovalar bilan ham uchrashishdi va oʻzaro hamkorlik yoʻnalishlarini belgilab olindi.