Shunga qaramay, hozirgacha oʻtkazilgan izlanishlar natijalari “omikron”ni yuqtirganlarda kasallik “delta”ga nisbatan yengil oʻtayotgani hamda oʻlim koʻrsatkichlari kamligini tasdiqlaydi.

Buni Shotlandiya olimlari oʻziga xos usulda hisob-kitob qildi. Buning uchun “omikron” va “delta”ni yuqtirganlar soni hamda gospitalizatsiya koʻrsatkichlari oʻzaro taqqoslandi.

Maʼlum boʻlishicha, agar yangi shtamm “delta” kabi ogʻir kechganida, hozir Shotlandiya kasalxonalarida ushbu variantdan davolanayotgan bemorlar soni 47 nafarni tashkil etishi kerak edi. Vaholanki, bu koʻrsatkich ayni paytda bor-yoʻgʻi 15 taga teng.

“The Guardian” nashri esa “omikron”ga xos umumiy simptomlar haqida yozdi. Unga koʻra, ushbu virus turi bilan kasallangan bemorlarda tomoq ogʻrigʻi va qichishishi, mushaklar zirqirashi, charchoq, quruq yoʻtal hamda kechasi terlash kabi belgilar kuzatiladi.

Yangi shtammdan ilk oʻlim Germaniyada ham qayd etildi.

Buyuk Britaniyada esa koronavirusga chalinish boʻyicha rekord koʻrsatkichlari har kuni yangilanyapti: oxirgi sutkada bu yerda deyarli 120 ming yangi holat aniqlangan.

Shunday boʻlsada, mamlakatda “omikron”ni yuqtirganlar orasida kasalxonaga yotqizish xavfi keskin kamayib borayotgani ijobiy koʻrsatkich.

Ispaniyada esa nafaqat jamoat joylari, balki koʻchada ham majburiy niqob taqish talabi qayta joriy etilishi maʼlum qilindi. Mamlakatda oʻtgan kuni 60 mingta koronavirusga chalinish holati qayd etilgan boʻlsa, shundan qariyb yarmini “omikron” tashkil etyapti.

Oʻz navbatida, Italiya hukumati 2022-yilning 31-yanvariga qadar ommaviy tadbirlar oʻtkazishni taqiqladi, diskotekalar va klublarni yopishga qaror qildi. Endi mamlakatda aholi koʻcha va jamoat joylarida tibbiy niqobda yurishga majbur, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.