ZOE kompaniyasi saytida berilgan xabarda taʼkidlanishicha, dastlabki tahlillar delta va omikron oʻrtasida keskin farqlarni aniqlamagan. Ikkala holatda ham, kasallikning ilk kunlarida COVID-19ning asosiy belgilari — isitma, yoʻtal, hid yoki taʼmni yoʻqotish infeksiya yuqtirganlarning yarmidan koʻpida kuzatilgan. Qayd etilishicha, koronavirusning omikron shtammi belgilari emlangan odamlarda kuzatilgan deltaning yengil variantiga oʻxshaydi.
Mutaxassislar yangi shtamm bilan kasallangan bemorlarning koʻpchiligida kuzatilgan beshta asosiy alomatni aniqladi: bosh ogʻrigʻi, burun oqishi, aksirish, tomoq ogʻrigʻi va charchoq. Baʼzi odamlar yoʻtal, ishtahani yoʻqotish va miyadagi ogʻirlik haqida ham xabar berishgan.
“Omikronning aksariyat alomatlari emlangan odamlarda uchraydigan yengil delta variantiga oʻxshaydi”, dedi ZOE COVID Study loyihasi rahbari, professor Tim Spektor.
Uning fikricha, koronavirusga nisbatan zarracha shubha boʻlganda ham test topshirgan maʼqul. Busiz, hatto tajribali shifokor ham yangi shtammning alomatlarini oddiy shamollashdan ajrata olmaydi.
Shu bilan birga, AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari Omikronning asosiy belgilari kiritilgan biroz boshqacharoq roʻyxatni shakllantirdi. Unda yoʻtal, charchoq, burun bitishi va oqishi asosiy belgi sifatida qayd etilgan.
Avvalroq, Janubiy Afrika Tibbiyot Assotsiatsiyasi raisi Anjelika Kutzi Janubiy Afrikada omikron bilan kasallangan birinchi bemorlarda alomatlar “juda yengil” boʻlgani va asosan tomoq ogʻrigʻi bilan cheklanganini aytdi.