“Bir boʻlsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida tashkillashtirilgan mazkur tadbirda respublikamizning barcha hududlaridan yuz nafarga yaqin OAV vakillari, blogerlar, shuningdek, Toshkent viloyati hokimligining masʼul xodimlari ishtirok etdi.
— Ushbu Mediaforum Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2024-yil 26-iyun kuni matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yoʻllangan bayram tabrigida belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqqan holda tashkil etilgan, — deydi Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov. — Bugun axborot maydonini sifatli va raqobatbardosh milliy kontent bilan toʻldirish masalasi har qachongidan ham dolzarb boʻlib borayotgani, yurtimiz va dunyoda yuz berayotgan voqea-hodisalarni milliy manfaatlarimizni hisobga olgan holda, tezkor va chuqur tahlillar asosida yoritish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Mediaforumda Oʻzbekiston Milliy media birlashmasi Boshqaruvi raisi Sherzodxon Qudratxoʻja “Teleradiokanallarda milliy kontent yaratishning oʻziga xos jihatlari”, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri A.Meliboyev “Bosma OAVda milliy kontent yaratish masʼuliyati”, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktorining birinchi oʻrinbosari X.Xudoyberdiyev “Ijtimoiy tarmoqlar uchun milliy kontent tayyorlash va yaratish masʼuliyati”, “Yangi Oʻzbekiston”-“Pravda Vostoka”gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharrir oʻrinbosari Abubakr Oʻrozovning “Internet nashrlarida milliy kontent yaratish masalasi” mavzusida maʼruza qildi.
Shuningdek, mediaforum davomida media-tur uyushtirilib, Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi Toshkent viloyat boʻlimi maʼmuriy binosi, xodim va ijodkorlar uchun yaratilgan sharoitlar, 10000 ga yaqin kitobga ega kutubxona faoliyati, Uyushmaning viloyat boʻlimi qoshida tashkil etilgan “Nurafshon ziyosi” – yosh jurnalistlar toʻgaragi faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniyati ham boʻldi.
Tadbirning keyingi qismida Oʻzbekistonda va Markaziy Osiyoda yetakchi boʻlgan, mis mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha dunyodagi 30 ta yirik korxonadan biri – Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga press-tur tashkil etildi.
Press-tur davomida Toshkent viloyatining Parkent tumaniga ham tashrif uyushtirildi. Tuman oʻzining turizm salohiyati bilan viloyatda alohida ajralib turadi. Statistik maʼlumotlarga koʻra, 2021-yilda tumanga 300 ming nafarga yaqin turistlar tashrif buyurgan boʻlsa, 2023-yili Parkent tumanida 50 mingga yaqin xorijiy va 900 mingga yaqin mahalliy sayyohlar mehmon boʻldi. Tumandagi Kumushkon va Chashma qishloqlariga rasman “turizm qishlogʻi” maqomi berilgan. Kumushkon, Chashma va (Soʻqoq) qishloqlari tabiati, toza havosi, yashash tarzi, madaniy meros obyekti va ziyoratgohlari bilan minglab sayyohlarni oʻziga jalb qilmoqda.
Joriy yil hududda turizm sohasini rivojlantirish hamda sayyohlarga qulaylik yaratish boʻyicha keng koʻlamli obodonchilik ishlari va turizm obyektlarini tashkil etish boʻyicha samarali ishlar amalga oshirildi. Tumandagi gastronomik turizm, ekoturizm, agroturizm, ziyorat turizmi qatoriga bu yildan ekstremal turizm qoʻshildi. Ishtirokchilar tumandagi “Zarkent ota” ziyoratgohida boʻldilar. Shuningdek, “Fizika-quyosh materialshunoslik” ilmiy ishlab chiqarish institutiga ham sayohat tashkil etildi.
Kun yakunida Nurafshondagi amfiteatrda viloyat hokimi boshchiligida ommaviy axborot vositasi xodimlari va blogerlar bilan uchrashuv tashkil etildi. Tadbir koʻtaringki ruhda boʻlib oʻtdi va jurnalistlar bir biri bilan oʻzaro fikr almashdilar.
Zulxumor AKBAROVA