Ommaviy qabul: aholini qiynab kelayotgan eng dolzarb muammolar hal etilmoqda

    Ijtimoiy hayot 18 Noyabr 2022 1132

    Davlatimiz rahbari topshirigʻiga asosan tuzilgan Respublika ishchi guruhining Qashqadaryo viloyatidagi ommaviy qabullari Koson tumanidagi Navbahor mahallasidan boshlandi.

    Prezident Xalq qabulxonasi, Bosh prokuratura, oʻndan ziyod vazirliklar, qoʻmitalar va respublika tashkilotlari, viloyat sektorlari masʼullari asosan Qarshi shahri, Koson, Muborak va Koʻkdala tumanlaridan kelgan murojaatchilar bilan yuzma-yuz oʻtirib, ularni oʻylantirayotgan masalalarga yechim izladi.

    Ochiq-jonli muloqotlar davomida tadbirkorlik yoʻnalishidagi qator masalalar ham joyida hal qilindi. Aytaylik, kosonlik tadbirkor Alisher Omonov tashkil qilgan chorvachilik majmuasida ming bosh qoʻy-echki, 200 bosh qoramol parvarishlanib, aholiga arzon-u sifatli goʻsht-sut yetkazib berilmoqda. Faoliyatini yanada kengaytirishni niyat qilgan tadbirkorga Markaziy bank masʼullariga murojaatidan soʻng 1 milliard soʻm kredit ajratishga qaror qilindi.

    Muboraklik tadbirkor Gʻayrat Aliqulov korxonasi faoliyatini kengaytirish maqsadida 60 ming dollar kredit olishda muammolarga duch kelgan edi. Murojaatdan soʻng bu masala ham oʻrganilib, tadbirkorga qonun doirasida amaliy yordam koʻrsatiladigan boʻldi.

    Koson tumani Nartichuqur mahallasida yashovchi Gʻayrat Boʻriyevning 1994-yildan buyon tadbirkorlik faoliyatini olib borayotgan binosini kimdir soxta hujjatlar bilan rasmiylashtib, sotib yuborishga urinayotganiga oid shikoyatini Bosh prokuratura masʼullari oʻz nazoratiga oldi. Masala qonuniy-batafsil oʻrganilib, adolatli hal qilinadigan boʻldi.

    Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi masʼullari esa muboraklik yosh tadbirkor Sardor Egamberdiyevning tumandagi Xitoy qishlogʻidan oʻtuvchi trassa boʻyida avtobekat qurib, xizmat koʻrsatishni tashkil etishga oid loyihasini joyiga chiqib oʻrganib, qonuniy yordam koʻrsatadigan boʻldi.

    Kosonlik tashabbuskor tikuvchi Farida Sohibovaga esa tumanning Esaboy kishlogʻidagi tikuvchilik korxonasida xotin-qizlarga kasb-hunar oʻrgatib, ularning bandligini taʼminlashi uchun mahalliy byudjet hisobidan 10 ta tikuv mashinasi olib berildi.

    Kosonlik Asror Elmurodovning Ichki ishlar vazirligi mutasaddilariga murojaati asosida unga bir qarzdor tanishi 9 oydan buyon qaytarib bermayotgan 20 million soʻm mablagʻi olib berilishi taʼminlandi.

    Gʻuzorlik Nodira Xudoyorovaning oʻgʻli 2020-yilda elektron auksion orqali sotib olgan yer maydonini boshqa bir shaxs egallab olganiga oid shikoyatini viloyat hokimligi tezkor, batafsil oʻrganib, joyida hal qilib berdi.

    Bosh prokuratura masʼullariga murojaatdan soʻng kosonlik Istad Ochilova va onasining qonuniy huquqlarini himoya qilish, muqim turar-joysiz ogʻir ahvolda qolgan bu oilani boshpana bilan taʼminlash boʻyicha viloyat 2-sektoriga aniq muddatli topshiriq berildi.

    Ochiq-jonli muloqotlarda yoʻllar taʼmiri, ichimlik suvi, elektr energiyasi va gaz taʼminotiga oid qator masalalar ham hal qilindi. Deylik, Kosonning Oʻrta Obron mahallasida yashovchi Dilmurod Xushvaqtov murojaati boʻyicha mahalladagi 1968-yilda qurilgan yogʻoch ustunlar beton ustunlarga almashtiriladigan, katta quvvatli bitta qoʻshimcha transformator ham oʻrnatib beriladigan boʻldi.

    “Oʻzsuvtaʼminot” aksiyadorlik jamiyati masʼullarining kosonlik Sanobar Majidova murojaati yuzasidan Nekoʻz mahallasidagi oʻrganishlari asosida mazkur hudud aholisini ichimlik suvi bilan taʼminlash masalasini 2023-yilgi dasturga kiritishga qaror qilindi.

    Qabullar davomida mehnat va bandlik, taʼlim, ijtimoiy himoya bilan bogʻliq qator masalalarga ham yechim topildi.

    Ishsiz 50 nafar murojaatchiga esa oʻz uyida ishlab daromad topishi uchun tikuv mashinalari, pishiriq pishirish pechlari, poyabzal tikish, charx uskunalari olib berildi.

    Respublika ishchi guruhining Koson tumanidagi ommaviy qabulida 431 nafar murojaatchining 435 ta masalasi koʻrib chiqilib, ularning 218 tasi joyida hal qilindi. 51 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat va tushuntirish berilgan boʻlsa, 166 ta masala nazoratga olindi.