Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga asosan Prezident Xalq qabulxonasi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda murojaatlar bo‘yicha qayta aloqa — SMS-xabarnoma yuborish xizmatini ishga tushirdi.

Yangi tizim orqali fuqaroga murojaatining har bir bosqichi haqida pm.gov.uz saytidagi shaxsiy kabineti va SMS-xabarnoma orqali ma’lumot berib boriladi.

SMS-xabarnomada maxsus havola bo‘ladi. Fuqaro ushbu havola orqali shaxsiy kabinetiga kirib, murojaatiga berilgan javob bilan tanishishi va unga munosabat bildirish mumkin.

Agar fuqaro javobdan qoniqsa yoki muammosi hal etilgan bo‘lsa, «Roziman» tugmasini bosadi. Agar javobdan qoniqmasa yoki masala ijobiy hal etilmagan bo‘lsa, «E’tirozim bor» tugmasini bosib, murojaatni qayta ijroga qaytarishi mumkin.

Murojaatni kuzatishning 5 bosqichi

1. Fuqaro SMS-xabarnomada keltirilgan havola orqali pm.gov.uz saytidagi shaxsiy kabinetiga kiradi.

2. U yerda murojaatning barcha bosqichlarini kuzatib borish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

3. Murojaat o‘rganilib, unga javob berilgach, fuqaroning pm.gov.uz saytida ro‘yxatdan o‘tgan telefon raqamiga maxsus havolaga ega SMS-xabarnoma yuboriladi.

4. Fuqaro havola orqali shaxsiy kabinetiga kirib, murojaatiga berilgan javob bilan tanishadi va o‘z munosabatini bildiradi.

5. Javobdan qoniqsa, «Roziman», qoniqmasa yoki masala hal etilmagan bo‘lsa, «E’tirozim bor» tugmasini bosadi. Bunda murojaat qayta ijroga qaytarilib, yana ko‘rib chiqiladi.

Shu tariqa, fuqarolar endi o‘z murojaatining ijro jarayonini kuzatish, berilgan javobni baholash va zarur hollarda uni qayta ko‘rib chiqishga yuborish imkoniyatiga ega bo‘ladi.