Haftalikning soʻnggi kunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Bosh vazirning tadbirkorlarning murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonasi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Din ishlari qoʻmitasi, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, Savdo-sanoat palatasi, Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi masʼullari oʻz yoʻnalishidagi murojaatchilarni qabul qilib, ularni oʻylantirayotgan masalalarga yechim izladi.

Muloqotlar davomida tadbirkorlik bilan bogʻliq muammolarni oʻrganishga alohida eʼtibor qaratildi.

Tadbirkor Gulmira Saidova Yashnobod tumanining Olmos mahallasida, Elmira Duysenova esa shu tumanning Goʻzal mahallasida oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti tashkil qilgan. Biroq ularning ikkisini ham bir masala – bogʻcha faoliyatini yurgʻizishda moliyaviy yetishmovchilik qiynab kelmoqda. Biznes-ombudsman vakillari har ikki murojaatni tinglab, bu masalani hal qilishda amaliy yordam beradigan boʻldi.

Yakkasaroy tumanida joylashgan “GXAF Vatan” MCHJ huquqshunosi Azizxoʻja Umarxoʻjayevning aytishicha, mazkur korxonaga tegishli bino 2017-yilda buzib tashlangani holda haligacha kompensatsiya toʻlab berilmagan. Korxona shu masalada adolat soʻrab Chilonzor tumani maʼmuriy sudiga daʼvo arizasi kiritgan. Shu yilning 12-noyabr kungi sud qarori bilan daʼvo qanoatlantirilgan, biroq sud qarori ijro boʻlmayapti. Biznes-ombudsman vakili mazkur masalani ham hal qilib berishni oʻz nazoratiga oldi.

Abdumannon Abduqodirov ham shu mazmundagi ariza bilan murojaat qildi. Tadbirkorning aytishicha, uning Olmazor tumanida joylashgan umumiy maydoni 422 kv. metr boʻlgan qahvaxonasi binosi Toshkent shahar hokimining 2018-yil 8-sentyabrdagi qaroriga asosan davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olingan-u tadbirkorga yetkazilgan zarar qoplanmagan. Biznes ombudsman vakillari bu masalani ham ijobiy hal qilib beradigan boʻldi.

Mirobodlik Maqsuda Qurbonova esa Savdo sanoat palatasi vakillariga kichik bir korxona ochish va yangi ish oʻrinlari yaratishda amaliy yordam soʻradi. Tadbirkorlik oʻz-oʻzidan boʻlmaydi, buning uchun avvalo bilim va koʻnikma zarur. Shu bois ham Savdo sanoat palatasi vakillari Maqsuda opaga tadbirkorlik boʻyicha oʻqish jarayonini tashkil qilib, imtiyozli bank krediti va joy ajratib berishda amaliy yordam beradigan boʻldi.

Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligiga ham ariza-shikoyat bilan kelganlar koʻp boʻldi. Ohangaronlik 41 yoshli Dilafroʻz Matkarimova 2 nafar farzandini yolgʻiz oʻzi katta qilmoqda. Telov qishlogʻida yashovchi bu ayolning kichik farzandida yurak yetishmovchiligi bor. Ishsizlik, roʻzgʻor tebratish mashaqqati uni ogʻir ahvolga solib qoʻygan. Vazirlik masʼullariga murojaatdan soʻng Dilafroʻz Matkarimova ish bilan taʼminlanadigan boʻldi.

Imtiyozli ipoteka krediti evaziga Sergeli tumanidan yangi xonadon sotib olgan Zuhra Muriginaning ham doimiy ish soʻrab qilgan murojaati ijobiy hal qilib beriladigan boʻldi.

Malika Abenova esa Yunusobod tumani 19-mavzedagi 15-uyda oilasi bilan yashaydi. Xastalanganidan keyin farzandi, kelini va nevaralari bilan boshqa joyga ijaraga chiqishdi. Pandemiya sabab oiladagilar ishsiz qolgan. Ikki nafar nevarasi uchun esa nafaqa tayinlanmagan. Besh oydan beri butun oila onaxonning pensiyasiga qarab qolgan. Farzandlari uchun doimiy ish yoʻq. Vazirlik masʼullari Malika Abenovaning farzandlariga ish topib beradigan boʻldi, nevaralariga nafaqa tayinlash masalasi esa oʻrganib chiqiladigan boʻldi.

Chilonzorlik Hamidulla Mirsoatovning oʻgʻli Shavkat Mirsoatov 36 yoshda. Organizmiga tushgan infeksiya bois xastalangan farzandini davolatishga oilaning imkoni yoʻq. Hamidulla akaning murojaatidan soʻng ularga bu masalada yordam berishga vaʼda qilindi.

Prezident Xalq qabulxonalari Toshkent shahrida tashkil qilgan ommaviy qabullar haftaligi davomida jami 3 ming 877 nafar murojaatchining 3 ming 943 ta masalasi koʻrib chiqildi. Ularning 1 ming 230 tasi joyida hal qilingan boʻlsa, 768 ta murojaat egasiga huquqiy maslahat va tushuntirish berildi, 1 ming 945 ta masala boʻyicha aniq muddat va masʼullar belgilanib, nazoratga olindi.