Tadbirda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bo'limi boshlig'i Farrux Hakimov “O'zbekiston – 2030” strategiyasida kelgusi yetti yilda mamlakatni rivojlantirishga qaratilgan beshta ustuvor yo'nalish va yuz ta aniq maqsadlar belgilanganligini ta'kidlab o'tdi.
Xususan, taqdimotda “O'zbekiston – 2030” strategiyasining beshinchi — «Xavfsiz va tinchliksevar davlat» tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish yo'nalishi doirasida amalga oshiriladigan muhim maqsad va vazifalar haqida atroflicha ma'lumot berildi.
Ta'kidlanganidek, kelgusi yetti yilda Yangi O'zbekiston tashqi siyosatini xalq va davlatning manfaatlaridan kelib chiqqan holda izchil amalga oshirish, Markaziy Osiyodagi barcha davlatlar bilan yaxshi qo'shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini jadal rivojlantirish, Yaqin va O'rta Sharq mintaqasidagi mamlakatlar bilan mavjud aloqalarni yanada kengaytirish, yangi va istiqbolli yo'nalishlarda o'zaro manfaatli hamkorlikni yo'lga qo'yish, keng mintaqalarni bog'lovchi va O'zbekistonni jahon bozoriga chiqishiga imkon yaratuvchi transport-logistika yo'laklarini shakllantirish, qolaversa, Qurolli Kuchlarning qudrati, mamlakatning mudofaa qobiliyati va harbiy salohiyatini yanada oshirishga qaratilgan aniq maqsadlarni amalga oshirish ko'zda tutilmoqda.
Shuningdek, mazkur Strategiyaning amalga oshirilishi O'zbekistonning dunyo hamjamiyatida tutgan roli va o'rnini oshirish, xalq farovonligi, tinchligi, demokratiya va inson huquqlari kafolatini ta'minlaydigan erkin jamiyat va adolatli davlat qurishga hamda mamlakat xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirib, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.
Tadbir yakunida “O'zbekiston – 2030” strategiyasining ijrosi hamda O'zbekiston va O'mon o'rtasidagi do'stona aloqalar rivoji haqida ham so'z bordi. O'z navbatida, O'mon Sultonligi Mudofaa vazirligi Milliy mudofaa bilim yurti vakillari «O'zbekiston – 2030» strategiyasining mamlakat rivoji va istiqboli uchun muhim hujjat ekanligini ta'kidlashdi, deb xabar beradi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi Axborot xizmati.