Oʻmonlik sarmoyador Oʻzbekistondagi faoliyatini kengaytirishdan manfaatdor

    Investitsiyalar 22 Fevral 2024 551

    Oʻzbekiston elchisi Abdusalom Xotamov “Oman Flour Mills SAOG” davlat kompaniyasi direktori, “Atyab Investments” kompaniyasi prezidenti Haysam al-Fanna bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Muloqot chogʻida Oʻzbekistonga xorijiy investitsiyalarni jalb etishni kengaytirish, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish va boshqa masalalar xususida fikr almashildi.

    Oʻmon vakili Oʻzbekistonda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlarni hisobga olib, yangi loyihalarda ishtirok etish niyatini bildirdi. Xususan, u Oʻzbekistonda meva-sabzavotlarni qayta ishlash loyihasini amalga oshirish, shuningdek, oziq-ovqat va meva-sabzavot mahsulotlarini qadoqlash uchun uskunalar yetkazib berish takliflarini bildirdi.

    Uchrashuv yakunida oʻmonlik tadbirkorning joriy yil mart oyida Oʻzbekistonga xizmat safari uyushtirish va uning davomida rejalashtirilgan yangi sarmoyaviy loyihalarni mamlakatimizning tegishli tashkilotlari vakillari ishtirokida muhokama qilish toʻgʻrisida kelishib olindi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    “Atyab Investments” kompaniyasi 1977-yilda Oʻmonda oziq-ovqat sanoatidagi birinchi aksiyadorlik jamiyati sifatida roʻyxatga olingan. Ushbu kompaniya Toshkent viloyatida Oʻzbekistondan eksport qilinayotgan oziq-ovqat mahsulotlarini xalqaro sertifikatlash boʻyicha laboratoriya va oʻquv markazi tashkil etish uchun bugungi kunga qadar 2 million dollar sarmoya kiritgan.