Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.
Oʻtkazilgan oʻrganishlarda Samarqand viloyatidagi “Omonqoʻton” milliy tabiat bogʻining Yoʻlsoy boʻlimi hududida bir qator fuqarolar tomonidan noqonuniy ravishda yoʻl ochilib, oʻsimlik dunyosiga zarar yetkazilganligi aniqlandi.
Xususan, ushbu hududda noqonuniy ravishda yoʻl ochilib, 869 m2-maydondagi tuproqlar surilib, 1427 m2-maydon tuproq bilan koʻmilganligi oqibatida jami 2693,9 m3 muhofaza etiladigan hududda oʻsuvchi Oʻzbekiston qizil kitobiga kiritilgan 7 turdagi 1 112 tup, noyob va yoʻqolib borayotgan 5 turdagi 1 479 tup oʻsimliklar nobud qilinganligi, 8 turdagi 64 tup daraxt va butalar kesilganligi, nobud qilinganligi va shikastlantirilganligi aniqlanib, tabiatga 1 mlrd. 115 mln. 907 ming soʻmlik zarar yetkazilgan.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 204-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlariga kirishildi.
Jinoyat ishi tergovi ustidan Bosh prokuratura nazorati oʻrnatilgan.