“Dunyo” AA xabariga koʻra, Oʻzbekistonning Novosibirskdagi bosh konsuli Aslam Akbarov Rossiyaning Omsk shahriga amaliy tashrifi doirasida baxtsiz hodisa tufayli shifoxonada qolayotgan yurtdoshimiz holidan xabar oldi.
Bosh konsul Migratsiya agentligi vakili bilan birgalikda Omsk viloyati Sogʻliqni saqlash vazirligi Klinik tibbiy-jarrohlik markazi rahbariyati, davolovchi shifokor va travmatologiya boʻlimi boshligʻi bilan muzokaralar oʻtkazdi.
Ayni paytda bemor sunʼiy nafas berish apparatiga ulangan boʻlib, tibbiyot markazi xodimlari uning hayotini saqlab qolish va sogʻligʻini tiklash uchun barcha zarur choralarni koʻrmoqdalar.
Muloqot yakunida muhim insonparvarlik kelishuviga erishildi: Rossiya tomoni bemorning sogʻligʻi ogʻir ekanini inobatga olib, uning keyingi davolanish xarajatlari uchun toʻlov talab qilmaydigan boʻldi. Markaz shifokorlarining yurtdoshimizga koʻrsatayotgan samimiy gʻamxoʻrligi va hayot faoliyatini saqlab qolish yoʻlidagi saʼy-harakatlari alohida eʼtirof etildi.
Hozirda vaziyat Oʻzbekiston bosh konsuli tomonidan shaxsan nazoratga olingan boʻlib, diplomatik vakolatxona va Migratsiya agentligi vatandoshimizga zarur yordam koʻrsatishda davom etmoqda.