Uchrashuvda, shuningdek, kompaniya vakillari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikning boshqa yoʻnalishlari muhokama qilindi.

Ayni paytda uglevodorodlarni ilgʻor qayta ishlash sohasida kadrlar tayyorlashni tashkil etish maqsadida “SOCAR” mutaxassislarining “Oʻzbekneftgaz” AJga qarashli gaz-kimyo majmualariga tashrifi rejalashtirilmoqda.

Uchrashuvda “SOCAR” vakillari “Oʻzbekneftgaz” AJning 10 nafar mutaxassisini “SOCAR” korxonalariga malaka oshirishga qabul qilishga va 2 nafar xodimga “SOCAR” oliy maktabi magistratura bosqichida oʻqish uchun stipendiya ajratishga tayyorligini maʼlum qildi.

Tomonlar Ozarbayjonda uglevodorodlarni birgalikda qidirish va qazib olish imkoniyatlarini ham qayd etdilar. Taʼkidlash kerakki, ushbu yoʻnalishda qator izlanishlar olib borilmoqda. Muhokama chogʻida Dubayda savdo uyini ochish boʻyicha ishlarni jadallashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi, bu esa har ikki tomonning yangi bozorlarga yanada faol kirishiga imkon beradi.

Bundan tashqari, “SOCAR” bilan DXSH asosida qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida ishlab chiqarish boʻyicha yirik loyihalarni tayyorlash va amalga oshirish yuzasidan tajriba almashish, tegishli tenderlarni oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.