Halima opa 2012-yilning iyunida Buxoroda insult bilan yiqildi. Keyinroq uni Toshkentga olib kelishib, 16-kasalxonaga joylashganida koʻrgani bordim. Harna, palataga kirishga ruxsat berishdi. Opa karavotda yotar, butunlay holdan toygan, horgʻin qaboqlarini zoʻrgʻa koʻtarib, titroq ovozda tutilib-tutilib, arang soʻzlardi. Meni shunda bir narsa hayron qoldirgan. Halima opa shunday ahvolda ham sheʼriyat haqida gapirar va mendan, “Adabiyotda qanday yangiliklar boʻlayapti?” deb bot-bot soʻrardi. Uning sheʼr oʻqigisi kelardi, oʻqtin-oʻqtin yoniq satrlarni takrorlardi. Garchi shoir karavotda holsiz yotsa-da, uning qalb qanotlari parvozda ekanini ilgʻasa boʻlardi.

***

Ayni daqiqalarda Abdulla Oripovning Halima Xudoyberdiyeva haqidagi “Jonfidolik” degan maqolasini oʻqib oʻtiribman. Maqola nomining oʻziyoq koʻp narsalarga ishora beradi. Shoiraning hayoti va ijodiga bir soʻz bilan berilgan eng munosib baho bu! Jonfidolik... 10 ta tovushning birikuvidan hosil boʻlgan bu soʻzning aytilishi juda oson, yarim nafasda aytasiz-qoʻyasiz. Lekin amali juda qiyin, umrni, qon va terni, azob va mashaqqatlarni, sabot va matonatni talab qiladi.

Abdulla Oripov bu maqolada oʻz dardu iztiroblarini Halima Xudoyberdiyevaning dardu iztiroblari bilan uygʻun tarzda ifodalagan. Bu ikki aka-singil qalbidagi armonlar, tugʻyonlar, isyonlar, nolalar va faryodlar millat ruhining ovoziday keskin jaranglagan. Bu ikki aka-singil suronlar, taʼqiblar, toʻzonlar ichida ham oʻz sheʼrlarida oʻzbek koʻnglini ifodalagan, oʻzbek ruhini namoyon qilgan. Halima opaning Abdulla akaga bagʻishlagan sheʼrida shunday satrlar bor:

Endi shunday. Kurashlarga belni mahkam bogʻlarmiz,

Dil topamiz. Ayru-ayru elni mahkam bogʻlarmiz,

Toʻgʻon boʻlib, elga kelar selni mahkam bogʻlarmiz,

Tiklagaymiz xalqni! Kurash – orom boʻlsin, ogʻajon,

Tiklolmasak shoir nomi harom boʻlsin, ogʻajon!

Bu oʻtli misralarni u mustaqillik arafasida 1991-yilning 5-aprelida yozgan. Bu shoirlar allaqanday mayda-chuyda, kuydirmajon hischalar bilan emas, shunday katta tuygʻular bilan yashaganlar. Bu tuygʻular xalqning asriy armonlariga jontomirlarday bogʻlanib ketgan.

Abdulla Oripov shunday yozadi: “Men Halima Xudoyberdiyeva ijodini, uning shoir yuragini davrning doimiy tarang torlariga oʻxshatgan boʻlardim. Chunki boʻlib oʻtgan, oʻtayotgan har bir hayotiy jarayonlar bu yurakdan oʻz aksi sadosini topib bormoqda. Goh mungli, goh zabardast, goh tasdiqlovchi, goh inkor etuvchi... umuman bu yoʻllarda u oʻzining oʻchmas izlarini qoldirib bormoqda deb aytishga har jihatdan haqlimiz. Jonajon Vatan shaʼni, erki xususida gap ketganda, hech ikilanmay, aziz jonini garovga qoʻyib, qoʻliga qalam oladigan ijodkorlardan deb bilaman men uni”.

Haq gap. Oʻtgan asrning ikkinchi yarmida millat boshidan ne koʻrguliklarni oʻtkazgan boʻlsa, bu qaygʻular Halima Xudoyberdiyeva sheʼrlarida oʻzbek onalarining alamli nidosiday aks-sado berdi. Uning 60-70-yillardagi paxta dalalarida qullarcha mehnat haqidagi (“Elim, seni mute koʻrsam, Koʻzdan qolay, koʻzim kuysin”), 80-yillarda harbiy xizmatga uydan oʻynab-kulib chiqib ketib, temir tobutlarda qaytgan oʻzbek oʻgʻlonlari haqidagi (“Sor oʻgʻillar tugʻib, ulgʻaytib, Oldirasan, kalxatga tokay”), “Oʻzbeklar ishi” tamgʻasi ostidagi butun bir xalqqa tuhmat va haqoratlarga qarshi isyonkor mardona sheʼrlari (Egilgan boshlarimga tuhmat tojin kiyarkan, Oʻz manqurtlarim gohi el rizqini qiyarkan”), “Oʻsh-Oʻzgan faryodi“ daftaridan “Unutgannning kuysin ikki dunyosi” kabi turkumlari (“Fitna tigʻ sanchdi tik, koʻksi togʻlarga, It tegdi sut hidli qizaloqlarga”) bunga dalildir. U erksiz elning qaygʻu tashvishlarini, mazlum millatning dardlarini oʻz qalbining ogʻrigʻi deb his etar va bunday vaziyatda befarqlikni jinoyat deb bilardi.

Bul kun kimdir oʻynasa

Dogʻ ustida oʻynaydi.

Dogʻ-daraxti zardob rang

Bogʻ ustida oʻynaydi.

 

Qandoq soʻlmay qiyogʻi,

Kuyib ketmay oyogʻi,

Naq yurakning ustida,

Oh ustida oʻynaydi.

***

Halima opa bundan 57 yil avval 18 yosh vaqtlarida oʻz qalbi bilan shunday bir bitim tuzgan va bu bitimni sheʼrda quyidagicha ifoda qilgan edi:

Yaproqlar toʻkilar, koʻzlarimda nam –

Soʻnggi shitirlashlar... oʻkinaman jim.

Demak qachonlardir tugaysan sen ham,

Tinguningcha kuyla, kuylab qol koʻnglim.

Katta yoʻl boshida turgan bu yosh qalb keyin uzoq yillar mehr-muhabbat bilan yonib kuylab oʻtdi va oʻz qoʻshiqlarini abadiyatga muhrladi. Shuning uchun ham, kuylagan koʻngilga oʻlim yoʻq.

Uning har bir sheʼrida tirik bir ruh harakat qiladi. Shu bois Halima opaning sheʼri bilan yuzma-yuz kelganingizda uning oʻzi bilan yuzma-yuz kelasiz. Har bir sheʼri bir oʻqishdayoq, mudrayotgan qalblarni uygʻotib yuboradi. Bu ruh qaydan? Bu shiddat qaydan? Bu kuch qaydan? Bu hikmat qaydan?

Ona elim, doʻstingga doʻstu

Dushmaningga xavfu xatarman.

Jilgʻalarday chuldirab oʻsdim,

Ildizingdan kelgan xabarman.

Shu buyuk ildiz sabab, uning sheʼriyatida vatan bor, tuproq bor, el va avlod bor. Keyingi paytlarda vatansiz, yersiz, muallaq sheʼrlar koʻpaydi. Buni boshqacha, yaʼni “Vatan!” deb albatta yozish kerak ekan-da, deb tushunmasinlar.

Gap shundaki, ichingda vatan qaygʻusi bormi, bas, bu qaygʻu sevgi yo yantoq haqidagi sheʼringda ham baribir qandaydir sirli shaklda koʻrinish beraveradi, 25-kadr kabi koʻrinmasdan ong ostida oʻz faoliyatini olib boraveradi.

Baʼzan “Vatan” soʻzi yuz marta qaytarilgan sheʼrda ham Vatanning oʻzi boʻlmasligi mumkin. Insonning botinida Vatan tuygʻusi ustuvor boʻlmasa, uning boshqa tuygʻulari hech qachon butun boʻlmaydi. Chunki odamning oltmish ikki ming tomirining urishi – sevgisiyu nafrati, shodligiyu qaygʻusi, ajdodiyu avlodi, mehriyu qahri, bolaligiyu keksaligi, hayotiyu oʻlimi shunga bogʻlanadi.

Halima opa kamtarlik bilan bir toʻrtligida shunday yozadi:

Menam oʻz-oʻzimcha roz aytdim, ketdim.

Ne aytdim? Oʻzimga xos aytdim. Ketdim.

Bu dunyoga kelib bor qilgan ishim –

Bir ikki soʻz aytdim. Rost aytdim. Ketdim.

Aslida shoirning haqiqati ham, mohiyati ham shu ekan-da! Halima opa buni juda yaxshi bilgan. Shoir bir soʻz aytib ketsa ham rost aytib ketishi kerak. Shoir bitta jumla soʻylasa ham, bu jumlada uning qalbi urib turishi kerak. Oʻtgan tuzum davridagi tom-tom, javon-javon shoʻrlik kitoblarning fojiasi ham shunda.

Vaqti kelib oʻlimtikka aylangan, madhiyaboz, qullikni sharaflagan bunday xoin kitoblardan bir arava oʻtin avlo boʻlib qolgani ham rost. Baʼzan eski kutubxonalarda mustabid mafkuraning supurgisi boʻlgan shunday kitoblarga duch kelib qolasiz. Kutubxonachilar bu kitoblarni qayerga qoʻyishni bilmaydilar, xuddi Abuladzening “Tazarru” filmida oʻlikni koʻmish muammo boʻlganiday.

***

Uning sheʼrlari shu darajada tabiiyki, ularda har bir satr “yurakning eng chuqur yeridan” otilib chiqayotganini ayni satrning oʻzi dalillab turadi. Bu sheʼrlarning ildizlari xalqning jon tomirlariga borib tutashadi. Shuning uchun shoir oʻzi va xalqi oʻrtasida turadigan izohkash-dallolga muhtoj emas.

Tunda tunday botganlarga mening gapim yoʻq,

Ruhdan ayru shod tanlarga mening gapim yoʻq.

Baxti lim-lim bu tiriklar gʻamni tanimas,

Men dardimni oʻtganlarga soʻzlasam kerak.

 

Elim degan figʻonlari havolab koʻkka,

Olomondan ilgarilab, lab bosib choʻqqa,

Qalqon boʻlib kelayotgan baloga, oʻqqa,

Bir qadamga oʻtganlarga soʻzlasam kerak.

Dardim nolon kutganlarga soʻzlasam kerak.

***

1990-yilda Halima opa bilan Boyovutga tugʻilgan qishlogʻiga borganman. Shoiraning onasi, qarindosh urugʻlari bilan uzoq gurunglashdik. Nihoyatda samimiy, halol, doʻng odamlar. Hammasi Boyovut dashtlariday kengfeʼl odamlar. Halima opaga onalik qilgan xolasi – Qarshigul momoning qiyofasida turkiy onalar timsoli ayon koʻrinib turardi. Momo Halima opaning bolalik oʻsmirlik yillari haqida gurung berdi: “Bir kitobni oʻqiy boshladimi, boʻldi, hamma narsani unutardi, tandirdagi nonni ham, oʻchoqdagi moyni ham. Baʼzan tungi soat uchlarda uygʻonib ketib qarasam, Halima yo oʻqib yo yozib oʻtirardi. Men uni oʻzingni ayamayapsan deb qattiq koyirdim. Lekin bu qizni shahdidan qaytarib boʻlmasdi”.

Oʻshanda Halima opa bilan paxta dalasida ishlab yurgan xotin-qizlar oldiga borganmiz. Uning bu ayollar oldida hijolat boʻlayotganini sezganman. Goʻyo Halima opa, “Men bular uchun nima qila oldim”, deganday qiynalardi, oʻzini aybdorday sezardi. Shunday soʻzi oʻtkir, shahdli shoira bu ayollar oldida hayajonlanib tutilib qolayotgani bilinib turardi. Goʻyo ularning oldida qarzdorday, oftobda kuygan bu chehralar oldida, qabargan qoʻllar qoshida gʻamgin boʻlib, oʻyga tolib qolgan edi.. Halima opa...

Otashkada, yonadir koʻksim,

Kuydiradi armonlar, choʻgʻlar.

Endi menday, ayolday oʻksib,

Boyovutda shamollar yigʻlar.

***

Halima opaning boshidan koʻp savdolar oʻtdi. Biz – ukalari, singillari shunday paytlarda dard va iztirob uni ezib tashlasa kerak deb tashvishlanganmiz. Oʻsha yillari Halima opa bilan koʻp gaplashganman. Lekin biror marta ham uning noliganini koʻrmaganman. Ancha gʻamgin tortib qolgan chehrasida qanday boʻlmasin, oʻsha tabassumini saqlab qolishga urinar, hech kimga, hatto yaqinlariga ham hech narsani sezdirmas, hamma narsaga balanddan qarar, faqat sheʼriyat bilan yashardi. Shuncha yukni koʻtarib turib, tagʻin boshqalarning koʻnglini koʻtarishga harakat qilardi. Muhimi shundaki, dard va iztirob uni sindirolmadi, aksincha, yanada yuksaltirdi, sheʼrlariga ayricha tugʻyon va kuch bagʻishladi. Eng ogʻir paytlarda ham yarador arslonday hayqirib, guldurab yana maydonga chiqib kelaverdi.

Ich-ichida yoʻlbars oʻkirib,

Sirtdan mayin jilmaygan ayol!

Bu hayqiriq koʻplarni choʻchitar, koʻplarga kuch va gʻayrat bagʻishlardi. Muhimi, u har qanday holatda Xudoga, Sheʼriyatga, Imonga, Vatanga qarab boraverdi. Uning borar manzili aniq edi. Chekinmadi. Sinmadi. Hayotning hamma sinovlariga mardona javob bera oldi.

Suratimda xushqiliq, xandonim oʻzim bilan,

Siyratimda zulmatu zindonim oʻzim bilan.

Pishgan kuzgi bugʻdoyday qushga talandim desam,

Shukrillah, chin magʻzim, chin donim oʻzim bilan.

Qushlar biram chorladi, yiroq behisht, bogʻlarga,

Ketmadim, jon qorishiq makonim oʻzim bilan.

Toabad yashab keldim, endi ketgay to mahshar,

Iymonim oʻzim bilan, vijdonim oʻzim bilan.

***

Shundan soʻng 2017-yilning 17-mayida Halima Xudoyberdiyeva Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniga koʻra “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlandi. Bu hodisa adabiyotimizning katta bayramiga aylanib ketgan edi.

Bu Farmon barcha soʻz ahlini, adabiyot ixlosmandlarini, bir soʻz bilan aytganda, elu yurtimizni toʻlqinlantirib yubordi. Chunki, xalqimiz Halima opani yaxshi koʻrar, uning sheʼrlarini oʻz maʼnaviy xazinalaridan biri sifatida eʼzozlab kelardi. Shu bilan Halima opa yana katta davralarga, katta eʼtiroflarga qaytdi.

Bir paytlar Ozod Sharafiddinov shunday degan: “Halimaning sheʼriyati bizni bedorlikka chaqiradi, vijdonimizni uygʻotadi. Vujudimizdan loqaydlik balosini siqib chiqarishga yordam beradi. Bu sheʼriyat koʻp yillar mobaynida kirlangan ruhiyatimizni poklashga va butlashga xizmat qiladi”. Bu fikr ham Halima opa sheʼriyatining mohiyatini ochib beradi. Uning umr shomi arafasida yozgan shunday satrlari bor:

Yakun ber, oʻzimni oʻroqlashimga,

Yashin ber, chaqmoqdek charaqlashimga.

Doʻsti aziz, menga ishora yetar –

Jonim kuyib, seni soʻroqlashimga.

Halima opa chin dildan tilagan ekan, unga yakunni ham, yashinni ham berdi, u chaqmoqdek charaqlab ketdi.

Eshqobil SHUKUR,

Shoir, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi