Bolalar ombudsmanining xabar berishicha, X.A (1991-yilda tugʻilgan ayol) 2024-yil 30-oktyabr kuni 8 yoshli oʻgʻli B.A (2016-yilda tugʻilgan) uydagi shirinliklarni ruxsatsiz yeganligi sababli uni goʻyoki jazolash maqsadida barmoqlari orasi va boshqa tana aʼzolariga paxta tiqib, yoqqan.
Natijada bola tanasida 1 va 2-darajadagi kuyish yuzaga kelib, u yengil tan jarohati olgan. Shundan soʻng Olmaliq shahar IIB tomonidan X.A ga nisbatan JKning 110-moddasi (Qiynash) 2-qismi “a” bandi boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan va yashiringani tufayli unga qidiruv eʼlon qilingan.
Maʼlumotlarga koʻra, shu yilning 7-fevral kuni X.A. protsessual tartibda ushlanib, unga tegishli sud ajrimi asosida qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Bolalar ombudsmani mazkur holat yuzasidan bola manfaatlari nuqtayi nazaridan oʻz kuzatuvini davom ettiradi.
Maʼlumot uchun: Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyat uchun 360 soatdan 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2-yildan 3-yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 2-yildan 5-yilgacha ozodlikni cheklash yoki 5-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoʻllaniladi.