Davlatimiz rahbari boshchiligida atrof-muhit muhofazasi masalasi, global miqyosda kutilayotgan ekologik xavf-xatarlarga qarshi turish, ularning oldini olishga qaratilgan umummilliy harakat davlat siyosatining muhim qismiga aylandi. Zotan, xalqining ertangi kuni, kelajagi uchun qaygʻuradigan mamlakatlar ekologik masalalarni taraqqiyotning eng muhim yoʻnalishlari qatoriga qoʻymoqda.

Prezidentimiz ilgari surgan va tom maʼnoda umummilliy harakatga aylangan ezgu tashabbuslar zamirida nafaqat bugunning farovonligi, balki kelajak avlodlarning musaffo havodan nafas olishi, sogʻlom tabiiy muhitda kamol topishidek ulugʻvor maqsadlar mujassam. Atrof-muhitni yashillikka burkashga qaratilgan “Yashil makon” umummilliy harakati, sal avval qabul qilingan “Toza havo” umummilliy loyihasi — bular ertangi hayotimiz, mamlakat va ­xalqimiz taqdiri, sogʻlom kelajagimizga daxldor strategik yoʻlning ajralmas qismiga aylandi.

Davlatimiz rahbari 1-aprel kuni “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida koʻchat ekish tadbirida ishtirok etib, Milliy dendrologiya bogʻini barpo etishga start berdi.

Oʻtgan yili ham Prezidentimiz Toshkent shahrining “yashil belbogʻ”i uchun koʻchat ekkandi. Bugun biz buning nechogʻliq ahamiyatini yetarlicha anglab yetolmayotgandirmiz, ehtimol, ammo hozirgi ekologik vaziyatga teranroq nazar tashlasak, “tabiatning ovozi”ga quloq tutsak, vahimaga tushib qolishimiz hech gap emas. Mamlakatimiz yetakchisi esa “yashil” hayotga oʻtish qanchalik muhimligini doim taʼkidlab keladi. Ona tabiat muvozanatini tiklash, yurtning ertangi kuniga befarq boʻlmaslik borasida shaxsan oʻzi xalqimizga namuna koʻrsatmoqda.

Bu galgi xayrli tashabbus avvalgilaridan yana bir muhim jihati bilan alohida ajralib turdi. Yaʼni yurtimizdagi vazirlik va idoralar rahbarlari, ziyolilar, nuroniylar va yoshlar vakillaridan tashqari xorijiy davlatlarning mamlakatimizdagi diplomatik korpusi vakillari ishtirok etdi. Bu — Oʻzbekiston hamjihatlik, oʻzaro ishonch va tinchlikni qadrlash, barqaror taraqqiyot yoʻlidan qatʼiy borayotganining yorqin ifodasi. BMTning Oʻrmonlar boʻyicha forumi raisi Ismoil Belenning bu saʼy-harakat Oʻzbekiston Prezidenti boshchiligida dunyo davlatlarini birlashtirishga undovchi siyosiy tashabbus ekanini taʼkidlagani barchamizni birdek gʻururlantirdi.

Ayni paytda nafaqat Markaziy Osiyo mamlakatlari, balki butun jahon hamjamiyati iqlim oʻzgarishi tufayli yuzaga kelayotgan muammo va tahdidlarga yechim topishga urinmoqda. Bu muammolar qatoriga atmosferada issiqxona gazlarining koʻpayishi, yerning ustki qobigʻi haroratining ortishi, suv resurslari taqchilligi, tabiiy ofatlarning tez-tez takrorlanishi, choʻllanish jarayonining jadallashishi va boshqalarni kiritish mumkin. Mutaxassislar iqlim oʻzgarishi tabiiy ofatlarning yangi turlari paydo boʻlishiga sharoit yaratishi bilan bir qatorda mavjud tabiiy ofatlarning zarar yetkazish koʻlamini bir necha barobar oshirishi, hatto boshqarib boʻlmaydigan darajaga yetkazishi mumkinligini taʼkidlamoqda.

Xalqaro tashkilotlar va ilmiy doiralar iqlim oʻzgarishi dunyoning qator hududlarida turli darajadagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni yuzaga keltirishini taxmin qilyapti. Xususan, Jahon banki maʼlumotiga koʻra, iqlim oʻzgarishi kuchli ichki migratsiyaga sabab boʻladi, jumladan, 2050-yilgacha dunyoning oltita mintaqasida yashayotgan 216 million odam yashayotgan makonidan boshqa hududlarga koʻchib ketadi. Bu mintaqalar orasida Markaziy Osiyo borligi ushbu muammoning mintaqa davlatlari uchun qanchalik dolzarb ekanini isbotlaydi.

Maʼlumotlarga koʻra, soʻnggi 50-60 yilda iqlim sharoiti oʻzgarishi natijasida Markaziy Osiyoda muzliklar yuzasi 30 foiz qisqardi. Bu jihat daryolar va ularning ekotizimiga bevosita taʼsir koʻrsatdi. Oxirgi bir necha oʻn yillikda oʻrtacha yillik harorat 1,5 daraja koʻtarildi va asr oxiriga borib 2 darajadan 5,7 darajagacha oshishi taxmin qilinmoqda.

Bunday ekologik buhronlar, albatta, mamlakatimizni ham chetlab oʻtmaydi. Yurtimizda allaqachon boshlangan ekologik xavf-xatarlarni bartaraf qilish, choʻllanishni kamaytirish, suv tanqisligining oldini olish, havo tozaligini taʼminlash, shovqin bilan ifloslanish va chang-toʻzonni kamaytirish, insonlarning asab tizimini barqarorlashtirish uchun ham bugun daraxt ekishga katta eʼtibor qaratishimiz, borlarini esa asrashimiz darkor.

Iqlim oʻzgarishi oqibatlari Oʻzbekiston aholisi farovonligiga turlicha taʼsir koʻrsatadi. 2030-yilga borib mamlakat boʻylab shahar va qishloqlarda kamida 8 million kishi iqlim oʻzgarishi xavfi juda yuqori boʻlgan hududlarda istiqomat qilishi kutilmoqda. CCDR hisob-kitobiga koʻra, agar iqlim oʻzgarishiga moslashish choralari koʻrilmasa, 2050-yilga borib milliy iqtisodiyot hajmi iqlim oʻzgarishidan zarar koʻrmagan holatdagi koʻrsatkichdan 10 foiz past boʻlishi ehtimoli yuqori. Bu aholi bandligi va daromadining sezilarli qisqarishiga olib keladi.

Biz yashayotgan hudud sharoitidan kelib chiqsak, iqlim oʻzgarishining jiddiy oqibatlaridan bizni himoyalovchi yagona manba

bu — daraxtlar. Mana shuning oʻzi soʻnggi besh yildan buyon davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilib, har yili 200 million tup koʻchat ekilayotgani nechogʻliq ahamiyatli ekanini tasdiqlaydi.

Keyingi bir oyda Prezidentimiz ekologiya va atrof-muhit muhofazasiga qaratilgan oʻnga yaqin yangi hujjatni imzoladi. Ayrim qonun hujjatlariga atrof-muhit, hayvonot va oʻsimlik dunyosining muhofazasini kuchaytirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritishga oid qonun, “Toza havo” umummilliy loyihasini amalga oshirish boʻyicha hamda “Yashil makon” umummilliy loyihasi samaradorligini yanada oshirish toʻgʻrisidagi farmonlar, “Ekomadaniyat” umummilliy loyihasi doirasida ekologik taʼlim, ilm-fan va targʻibotni jadallashtirishga oid kompleks chora-tadbirlarga doir hujjatlarda mamlakatimizda ekologik vaziyatni yaxshilashning aniq mexanizmlari belgilab berildi. Bu esa xalqimizning munosib hayot kechirishi, ekologik huquqlarini taʼminlashga qaratilgan navbatdagi jiddiy qadamdir.

Taraqqiyot koʻrsatkichlari shiddat bilan oʻzgarayotgan bir davrda aholi jon boshiga nechta daraxt toʻgʻri kelishiga oid maʼlumotlar bugun eng asosiy mezonlar qatoriga chiqmoqda. Zotan, bugun rivojlangan davlatlarda har bir kishiga oʻrtacha 15-18 tup daraxt toʻgʻri keladi.

Olimlarimizning hisob-kitobiga koʻra, oʻrta yoshli insonning bir yilda 700-740 kilogramm kislorodga ehtiyoji bor. Bizning tuproq iqlim sharoitimizda 10-12 metrli yaproq bargli daraxt bir yilda oʻrtacha 100 kilogramm atrofida kislorod ishlab chiqaradi. Demak, aholi punktlarida har bir inson uchun 10 metrdan kam boʻlmagan kamida 7-8 tup daraxt boʻlishi kerak. Yana ham aniqroq aytsak, 37 million kishi uchun 260-300 million tup, Toshkent shahri aholisi uchun esa shaharda 20-28 million tup 10 metrdan ziyod bargli daraxt zarur.

Nafaqat Toshkent, balki yurtimizdagi boshqa yirik shaharlarda ham havo sifatini yaxshilash masalasi tobora jiddiy tus olayotganiga asosiy sabab daraxtlar sonining kamligi, shahar atrofida yashil hududlarning yetarli emasligidir.

Poytaxtimiz biqinida barpo etilayotgan Milliy dendrologiya bogʻi esa shaharga kirib keladigan toza havoni taʼminlovchi asosiy manbaga aylanadi. Ayni vaqtda 65 gektar maydonda 50 ming tup daraxt, 100 ming tup turli buta koʻchatini ekish ishlari boshlangan. Kelgusida bogʻ hududini kengaytirish koʻzda tutilgan. Natijada bu noyob ekologik musaffo hududning umumiy maydoni 108 gektargacha yetkaziladi. Bogʻda oʻrtacha 80-120 turdagi daraxt va butalar kolleksiyasi joylashtiriladi. Qisqasi, yaqin yillarda Milliy dendrologiya bogʻining har bir gektari yiliga oʻrtacha 28 tonna changni, PM10, PM2,5 zarralarini yutuvchi ulkan tabiiy filtrga aylanadi.

Eng muhimi, Surxondaryoda 10 ming gektarda “yashil makon”, Sirdaryoda 84 kilometrli “yashil devor” barpo etish ishlari ham boshlandi. Qoraqalpogʻistonda 1 million gektar, Navoiy va Buxoroda 300 ming gektardan, Xorazmda 85 ming gektar choʻl hududida yangi oʻrmonlar yaratiladi.

Milliy dendrologiya bogʻini barpo etishga start berilgan kunning oʻzida hududlarda 21 mingga yaqin yurtdoshimiz 164 gektar maydonda 88 ming tup koʻchat oʻtqazdi. Mana shuning oʻzi ona tabiat himoyasi, xalqimizning ertangi sogʻlom hayoti uchun daxldorlik hissi bugun har bir yurtdoshimiz qalb amriga aylanganining ifodasi emasmi?! Osmonimizda yaqin yillarda chinakam musaffo va sogʻlom muhit qaror topishiga ishonch bu.

Ilgari ham har mavsumda daraxt ekish kampaniyalari avj olar, qogʻozlarda million-million tup koʻchat ekilgani haqida hisobotlar toʻldirilardi. Ularning keyingi taqdiri, parvarishi uchun kimdir masʼul boʻlishi kerakligi haqida, afsuski, hech kim bosh qotirmasdi. Qayerga qanday daraxt ekish kerakligi, kelgusida bu daraxt yerda tutib ketishi haqida-ku mutaxassis tugul, hatto tajribali biror bogʻbonning fikrini eshitib koʻrish birovning xayoliga kelmas edi. Oqibatda qancha-qancha koʻchat qurib, uvol boʻldi, nooʻrin tanlangan daraxt turlari ayrim insonlar uchun kasallik qoʻzgʻatuvchi manbaga ham aylandi.

Bugun vaziyat butunlay boshqacha. Ekilayotgan har bir koʻchat parvarishi uchun masʼul biriktirilgan, yaʼni bitta daraxt voyaga yetguniga qadar gʻamxoʻrlik qiluvchi egasi bor. Bundan tashqari, har bir koʻchatning taqdiri va parvarishi jamoatchilik nazoratida. Birgina biz — deputatlar faoliyatini olaylik. Har oy yakunida hududlarga, saylovchilar huzuriga borganda, albatta, oʻsha hududda ekilgan koʻchatlar parvarishini koʻzdan kechirish odat tusiga aylandi. Parlament tomonidan esa har bir chorak yakunida masʼul tashkilotlar rahbarlari, mutasaddilarning aynan “Yashil makon” doirasida ekilgan koʻchatlar parvarishiga oid axboroti tinglab borilmoqda. Koʻchatlar parvarishida eʼtiborsizlikka yoʻl qoʻygan masʼullar esa tegishli organlar tomonidan qonunan jazolanmoqda.

Koʻchatlarni tanlash, qaysi hududda qanday daraxtlarni oʻstirish kelgusi oʻn yillikda nimalar berishi ilmiy asosda belgilab olinayotgan esa alohida eʼtiborga molik. Davlatimiz rahbarining aynan koʻchatlarni tanlashda ham ilmiy asoslarga tayanishni talab qilayotgani, kerak boʻlsa, asrlargacha davom etishi mumkin boʻlgan xatoning oldini olishdir. Shuning uchun ham Prezidentimiz hududga mos daraxt turlarini tanlash va ekishda Xalqaro molekulyar allergologiya markazining tavsiyalari olinayotganini alohida qayd etdi. “Yashil” universitet hududida “Ilm — loyiha — amaliyot” zanjiri asosida barpo etilayotgan “in vitro” laboratoriyasi, Dorivor oʻsimliklar hamda Urugʻchilik va seleksiya markazlari shu yilning oʻzida ishga tushirilishi katta ahamiyatga ega.

Endi yashil bogʻlar yaratishda aholi va deputatlar ishtiroki yanada kengayadi. Ochigʻi, bu biz, deputatlar uchun, Oʻzbekiston Ekologik partiyasi uchun juda katta masʼuliyat va ishonch ifodasidir. Ilgari “Mening bogʻim” dasturi doirasida har bir loyihaga byudjetdan 250 million soʻmgacha mablagʻ berilgan boʻlsa, endi bu miqdor 400 million soʻmdan oshiriladi.

Joriy mavsumdan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi har bir deputatiga oʻz okrugida yashil hudud, yashil bogʻ yaratishi uchun 412 million soʻmdan mablagʻ beradi. Mana shunday cheksiz imkoniyatlar davrida bizdan talab etiladigani faqat bir jihat: bir tup boʻlsa ham koʻchat ekish, ekilgan daraxt uchun qaygʻurish, har qarich yashil hududni koʻz qorachigʻidek asrashdir.

Prezidentimiz taʼkidlaganidek, xalqimizda “Yaxshidan bogʻ qoladi”, “Bir koʻchat eksang — ming baraka”, “Farzand koʻrsang, toʻy qilsang, daraxt ek” degan teran maʼnoli hikmatlar bejiz aytilmagan. Bu soʻzlar millatimizning qon-qoniga singib ketgan, asrlar davomida ajdodlarimiz hayotiga sayqal bergan yashash falsafasi, ota-bobolarimizning goʻzal tutumidir.

Davlatimiz rahbari mahalla raislari, nuroniylarimiz va yoshlarimizga murojaat qilib, har bir koʻcha va xonadonga fayz beradigan nihollar ekishda tashabbuskor boʻlishga chaqirdi. Bu chaqiriq har bir vijdonli insonning qalbida aks sado bermogʻi lozim. Zero, mahalla oqsoqollari va onaxonlarimizning bu ishlarga bosh-qosh boʻlishi — yosh avlod uchun eng katta tarbiya maktabi. Buni kundalik hayotimizda, atrof-muhitdagi oʻzgarishlarda yaqqol his etib turibmiz.

Biz bu strategik tashabbus va xalqimiz dilidagi ezgu takliflardan behad quvondik. Xayrli ishlarga koʻpni koʻrgan nuroniylarimiz, shijoatli yoshlarimiz va barcha mehnat jamoalarining kamarbasta boʻlayotgani hammamizni ruhlantiradi. Shu bois, bor kuch va imkoniyatimizni safarbar etib, ushbu islohotlarning ijrosini taʼminlash, ekologik madaniyatni yuksaltirishda eng oldingi saflarda boʻlishimiz shart. Mahallalar va xonadonlarda yashillik dunyosini kengaytirish, ona tabiatni koʻz qorachigʻidek asrash yoʻlida deputatlik va jamoatchilik nazoratini kuchaytiramiz.

Ezgu niyat va katta maqsadlar bilan ona zaminga qadalgan har bir nihol — hayot davomiyligi, toza nafas va sogʻlom kelajak demak.

Abdushukur HAMZAYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi fraksiyasi rahbari