Jahonda oʻz ona tilini ulugʻlamagan, uning shaʼni, obroʻsi uchun kurashmagan xalqni topish mushkul. Tilda har bir xalqning asrlar davomida bosib oʻtgan yoʻli, tarixi, milliy qadriyatlari, urf-odatlari, madaniyati va sanʼati, maʼnaviyati oʻzining yaqqol ifodasini topgan boʻladi. Shu bois uni koʻngil mulkining bebaho gavhari, duri kabi saqlaydilar, oʻrni kelganda koʻkragini qalqon qilib himoyalaydilar ham.

Bugun 21-oktyabr “Mahalla” xayriya jamoat fondi Samarqand viloyat boʻlimi boshqaruvi tashabbusi bilan “Ona tili–millatning faxri!” mavzusida Oʻzbek tili bayrami kuniga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.

Ushbu tadbirda soʻzga chiqqanlar oʻzbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yoʻlidagi muhim qadamlaridan biri boʻlganligini, istiqlol yillarida mamlakatimizda barcha sohalarda boʻlgani kabi tilimiz taraqqiyotida ham muhim oʻzgarishlar yuz berganligini, oʻzbek tilining xalqaro miqyosda obroʻsi oshganligini, “Davlat tili haqida”gi qonun ona tilimizning bor goʻzalligi va jozibasini toʻla namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratayotganligini taʼkidladi.

Tadbirga Samarqand davlat universitetidan taklif qilingan vakil ham soʻzga chiqib olimlar va mutaxassislar tomonidan ilm-fan va turli sohalarga oid ensiklopediya va lugʻatlar, darslik va oʻquv qoʻllanmalari chop etilganligini aytib oʻtdi hamda mumtoz adabiyotimiz namunalari, sakson mingdan ziyod soʻz va soʻz birikmasini, fan, texnika, sanoat, madaniyat va boshqa sohalarga oid atamalarni, shevalarda qoʻllaniladigan soʻzlarni oʻz ichiga olgan besh jildlik “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” bu borada amalga oshirilgan ishlarning eng muhimlaridan ekanligiga alohida toʻxtalib oʻtdi.

Shuningdek, qolgan tadbir qatnashchilari ham oʻzbek tili toʻgʻrisidagi oʻzlarining ajoyib fikr mulohazali bilan oʻrtoqlashdi.

Nodir Alimov,

“Mahalla” xayriya jamoat fondi

Samarqand viloyat boʻlimi matbuot xizmati