2020-yildan boshlab Milliy oʻquv dasturi loyihasi doirasida xalqaro tajriba hamda mehnat bozori talablarini hisobga olgan holda, umumtaʼlim maktablari uchun 22 ta fandan, xususan, “Ona tili va oʻqish savodxonligi” fanidan zamonaviy taʼlim standartlari, oʻquv dasturlari hamda ilgʻor metodikalarni, baholash tizimini ishlab chiqish maqsad qilingan. 

Milliy oʻquv dasturi asosida 2020-2021-yildan boshlab umumtaʼlim maktablarida Ona tili va Oʻqish fanlarining birlashuvi natijasi “Ona tili va oʻqish savodxonligi” fani joriy etildi. Ikki fanning birlashuviga asosiy sabab ona tilini oʻqitishdagi yondashuvning oʻzgarishi boʻldi. Endilikda grammatika va yodlashga asoslangan taʼlimdan tinglab tushunish, oʻqib tushunish, fikrni ogʻzaki va yozma bayon qilishdan iborat til oʻrgatishning 4 koʻnikmasini rivojlantirishga qaratilgan taʼlim shakliga oʻtildi.

Ona tili fani asosida oʻquvchida shakllantiriladigan koʻnikmalardan biri bu oʻqib tushunishdir. Natijada oʻquvchi darslikda qoidalar oʻrniga koʻproq matnlar bilan ishlaydi va ularda oʻqib tushunish koʻnikmasi rivojlanadi. Oʻquvchida oʻqib tushunish koʻnikmasini Ona tili fani rivojlantirishi hisobiga oʻz-oʻzidan Oʻqish faniga zarurat qolmaydi. 

Ushbu darslik amaliyotga joriy qilinishidan oldin maktablarda tajriba-sinovdan oʻtkazildi. 1-2-sinf Ona tili va oʻqish savodxonligi darsligi 2021-2022-oʻquv yili uchun amaliyotga joriy qilinganida, koʻplab oʻqituvchilar tomonidan noroziliklarga sabab boʻlgan boʻlsada, bu darslikni bir yil davomida oʻqitib oʻquvchilaridagi ijodiy va tanqidiy fikrlash qobiliyatining oshib borayotganini, matnlar, audiomatnlar bilan ishlash, yozish va nutq soʻzlash koʻnikmalarining rivojlanayotganini koʻrgan oʻqituvchilar endi ushbu darsliklarga nisbatan iliq munosabat bildirishmoqda. 

“Ona tili va oʻqish savodxonligi darsligida berilgan boʻlim va mavzular real hayotga asoslangan boʻlib, oʻquvchini nafaqat oʻqish va savodxonlik koʻnikmalarini balki, ularni atrofidagi voqea va hodisalarni anglashga, muayyan ijtimoiy vaziyatlar uchun kerakli bilim, koʻnikma va malakalarni shakllantirishga asos boʻlmoqda” — deydi, Toʻraqoʻrgʻonlik oʻqituvchi Manzura Karimova.

Ona tili va oʻqish savodxonligi darsligini yaratish jarayoniga mahalliy mutaxassislar, amaliyotchi oʻqituvchilar bilan birgalikda YUNISEFning xalqaro eksperti Syuzan Ianuzzi ham ishtirok etdi. 

Darslikni yozishda qatnashgan mahalliy mutaxassislarning 5 nafari Syuzan Ianuzzi tomonidan tashkil qilingan 3 oylik seminar treninglarda zamonaviy darslikni yaratish malakalarini oshirdilar. 

Тil koʻnikmalarini rivojlantirishga qaratilgan fanning mazmun-mohiyatini xorijiy va mahalliy ekspertlar tomonidan oʻqituvchilarga yetkazish maqsadida Toshkent shahridagi “MFaktor” biznes markazida Ona tili va oʻqish savodxonligi boʻyicha xalqaro ekspert Syuzan Lanuzzi ishtirokida boshlangʻich sinflarning “Ona tili va oʻqish savodxonligi” darsligi taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Respublika taʼlim markazi Axborot xizmati