Onadagi surunkali toksik gepatit sharoitida tugʻilgan avlodning meʼda-ichak tizimi: ilmiy tadqiqot va jamiyatga taʼsiri

    Salomatlik 18 Iyun 2025 816

    Sogʻlom avlod — har qanday mamlakatning kelajagi va barqaror taraqqiyotining asosi hisoblanadi. Shu bois, har bir jamiyatda va davlatda ona va bola salomatligini muhofaza qilish, ularning sifatli rivojlanishini taʼminlash har doim ustuvor vazifalardan biri boʻlib kelgan.

    Sogʻlom bola tugʻilishi, uning kelgusida sogʻlom rivojlanishi koʻp jihatdan ona salomatligiga bogʻliq. Afsuski, soʻnggi oʻn yilliklarda jahon miqyosida tugʻruq yoshidagi ayollarda turli xil ekstragenital kasalliklar uchrash tez-tezligi sezilarli oʻsish moyilligiga ega boʻlmoqda. Ular orasida boshdan oʻtkazilgan virusli yoki toksik gepatitlar oqibati sifatida jigar va oʻt yoʻllari azolari tizimining surunkali kasalliklari alohida oʻrin egallaydi. Ayollarda jigar patologiyalari koʻp holatlarda noqulay ekologik sharoitlar taʼsirida rivojlanadi va koʻp hollarda surunkali shaklga oʻtadi. Bu, shubhasiz, homila rivojlanishiga va keyinchalik ulardan tugʻilgan avlodlarga uzoq muddatli nomaqbul taʼsir koʻrsatadi. Butun dunyoda ona jigari surunkali kasalliklarining avlod aʼzolari va toʻqimalariga salbiy taʼsirlari mexanizmlarini ishlab chiqishga qaratilgan qator keng qamrovli tadqiqotlar amalga oshirilmoqda. Shularga qaramasdan, jigar xastaliklari bilan aziyat chekkan onalardan tugʻilgan avlodlarda ichki aʼzolari kasalliklarining koʻplab jihatlari, rivojlanish anomaliyalarining, tugʻma patologiyalarning sabablari hanuzgacha toʻliq oxirigacha oʻrganilmagan. Shular sababli “ona-homila-avlod” kabi noyob tizimining nimaligini aniqlashtirish, onadagi kasalliklarning avlod ichki azolariga salbiy tasirlari mexanizmlarini oʻrganish, yechimini izlash va topish tibbiyotning muhim va dolzarb muammolaridan hisoblanadi. Onadagi surunkali toksik gepatit xastaligi sharoitida tugʻilgan bolalarda meʼda-ichak tizimining morfologik holatini oʻrganish — bu nafaqat ilmiy jihatdan muhim, balki jamiyat sogʻligʻi uchun ham katta ahamiyatga ega ilmiy tadqiqot ishlaridir. Bu sohadagi muvaffaqiyatli izlanishlar bolalarni tez va samarali davolash, ularning sogʻlom oʻsishini taʼminlash uchun zamin yaratadi. Ayniqsa, bunday holatda tugʻilgan bolalarda meʼda-ichak tizimidagi morfologik oʻzgarishlar ovqat hazm qilish tizimida, umumiy oʻsish jarayonida jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi. Ilmda bu yoʻnalishni tanlashimning birdan bir sababi ham shu edi. Onadagi surunkali jigar xastaligi sharoitida rivojlangan va tugʻilgan bolalarning salomatligi holatini oʻrganish va salbiy taʼsirini aniqlash. Uzoq yillik oʻqib oʻrganishlarim va olib borgan ilmiy-amaliy tadqiqotlar asosida mavjud muammoning ijtimoiy ahamiyatiga chuqur urgʻu berdim. Ilmiy ishim davomida bunday tadqiqotlar natijasida “ona va bola”larni samarali davolash va ular organizmida kelib chiqadigan kasalliklarni profilaktika qilish chora-tadbirlari takomillashtiriladi. Ustozim–ilmiy rahbarim bilan olib borayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarimning tibbiyot ilmining va jamiyatning qaysidir bir muammosini hal etib, “ona va bola”lar sogʻligini himoyalashga xizmat qilayotganidan mamnunman”.

    Professor Dilorom Baxtiyorovna Adilbekova — biz yosh olimlar uchun haqiqiy ilhom manbai. Uning 1988-yildan boshlab Toshkent tibbiyot institutida ilmiy va pedagogik faoliyat yuritishi, 1995-yilda nomzodlik, 2018-yilda esa doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilishi ushbu sohaga nisbatan mehri va masʼuliyatini bildiradi. Oʻtgan yillar mobaynida ustozim anatomik bilimlarni yoshlarga oʻrgatish boʻyicha ham uzluksiz izlanishlarni olib bormoqda. Shuni alohida taʼkidlash joizki, Dilorom Baxtiyorovna Adilbekova nafaqat ilmiy ishlar bilan shugʻullanadi, balki yoshlarning ilmiy gʻoyalari va ijtimoiy tashabbuslarini doimo qoʻllab-quvvatlab kelishda boshqalarga oʻrnak ustozlardan. Toshkent tibbiyot akademiyasida oʻtkazilayotgan ilmiy-maʼrifiy, madaniy tadbirlarda uning rahbarligida koʻplab yoshlar, shu jumladan men ham ulardan ibrat olib, har sohada faollikka intilamiz. Yaqinda men ustozimdan ilhomlanib ilmiy faoliyatimni boshladim. Maqsadim menga tibbiyotning asl mohiyatini tushunib insonlar salomatligi uchun bor kuch va salohiyatimni ishga solish koʻnikmalarini oʻrgatayotgan ustozim rahbarligida yaqin kelajakda sogʻliqni saqlash tizimini takomillashtirishga oʻz hissamni qoʻshmoqchiman.

    Bilaman, bu yoʻl oson emas, ayniqsa tibbiyot yangi asrga yuzlanayotgan, sohaga yuqori texnologik, raqamlashtirishga asoslangan zamonaviy yoʻnalishlar tadbiq etilayotgan bir paytda bu sohada oldingilar qatorida turishning oʻz mashaqqat va masʼuliyatli tomonlari koʻp. Ustozim bu borada bizga koʻp maslahatlar berish bilan birga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatadilar. Ana shu toʻgʻri tanlanishi kerak boʻlgan yoʻlllardan biri Toshkent davlat tibbiyot universitetida ayni kunlarda yaratilayotgan barcha imkoniyatlardan unumli foydalanish, vaqtimizni besamar oʻtkazmasdan eng soʻngi texnologiyalar asosida jihozlangan laboratoriya xonalarida mahorat darslarida faol boʻlish, 24 soat davomida ishlab turadigan simuliyatsion markaz faoliyatidan unumli foydalanish, Pirogov anatomiya stoli yordamida egallayotgan bilimlarimizni oʻqishda bir mustahkamlab borish. Mening ustozim — professor Adilbekova Dilorom Baxtiyorovna— nafaqat ilmiy ishlari bilan, balki oʻquv jarayonida innovatsion pedagogik usullardan keng foydalanishlari bilan ham yoshlar uchun namuna boʻlib xizmat qilmoqdalar. Uning rahbarligida biz muammolarga asoslangan oʻqitish, loyihalashtirish va boshqa interaktiv usullar orqali amaliy bilimlarni shakllantirishga va mustahkamlashtrishga erishmoqdamiz.

    Nazarimda, ustozim bizlarga berayotgan koʻrsatmalariga avvalo oʻzlari ham toʻliq amal qilganlari bois tibbiyot ilmida oʻz oʻrinlarini topganlar. Ayni professor Adilbekova Dilorom Baxtiyorovna 115 dan ortiq xorijiy va mahalliy jurnallarda ilmiy maqolalar va 5 ta monografiya, shuningdek, koʻplab oʻquv qoʻllanmalar, oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar muallifidir. Uning ilmiy rahbarligida 13 ta magistratura, 4 ta nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilinib, hozirda ustozimning 10 nafar talaba yosh shogirdlari tibbiyot sohasi rivojiga hissa qoʻshib ilmiy tadqiqot ishlarini olib bormoqdalar.

    Shogirdlar maktabi va yoshlar uchun ilmiy muhit deganda ustozimning qiziqarli mashgʻulotlari koʻz oʻngimda gavdalanadi.

    Professor Dilorom Baxtiyorovna Adilbekovaning ilmiy maktabi yosh olimlarga oʻz gʻoyalarini rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlarda faol ishtirok etish, xalqaro miqyosdagi konferensiyalarda oʻz bilim va tajribalarini namoyish etish imkonini beradi. Ustozimiz yoshlarni qoʻllab-quvvatlashda faol, har bir shogirdning ilmiy salohiyatini yuksaltirishga harakat qiladi.

    Bu yoʻldagi qadamlar sogʻliqni saqlash tizimini takomillashtirishda muhim ahamiyatga ega boʻlib, kelajak avlodning sogʻlom va barkamol boʻlib oʻsishiga xizmat qiladi.

    Onadagi surunkali toksik gepatit xastaligi sharoitida tugʻilgan avlodlarda meʼda-ichak tizimining postnatal morfologik holatini oʻrganish — bu nafaqat ilmiy yangilik, balki jamiyatning barqaror sogʻligiga yoʻnaltirilgan muhim ilmiy tibbiy saʼy-harakatdir.

    Professor Dilorom Baxtiyorovna Adilbekovaning ilmiy ishlari, shogirdlariga koʻrsatayotgan yordami va Toshkent davlat tibbiyot universitetida yaratilgan ilmiy maktabi ana shu maqsadlarga erishishda beqiyos hissa qoʻshmoqda.


    Toshpoʻlatov Sardorjon,

    Toshkent Davlat tibbiyot Universiteti talabasi


    Hamkorlik materiali