Tiriklik dunyosida yashayotgan har bir inson borki, ilk bora inggalab yig'lagan chog'ida, aytadigan bir so'zi ona bo'ladi. O'sha so'z mening jonim ozig'i bo'lgan tilimda jarang sochadi. Bejizga Vatan va tilni onaga qiyos qilishmagan. Ona Vatan va ona tilim. Bular men uchun egizday go'yo. Bular mening borlig'im, ruhim g'izo oladigan vujudim, jon tomirim aziz zamondosh!!!
Qadrli zamondoshim! Bugun Sizla dunyo xaritasida o'zbekning borligini bildiradigan XUDONING ne'mati, ona tilim haqida dillashmoq istadim. Bugun Alisher Navoiyning navobaxsh bitiklari, Abdulla Qodiriyning hayotiy haqiqatlari, Muhammad YUsufning VATAN haqidagi go'zal ash'orlari, Usmon Nosirning nidolari, erkin Vohidovning “O'zbegim” degan hayqiriqlari, “Men nechun sevaman, O'zbekistonni” deya yurtga farzandlik mehrini izhor qilgan va buni oliy baxt deb bilgan Abdulla Oripovning dur misralari, Oybekning viqorla o'shshaygan qoya labida nafis chayqalgan na'matakning tebranishlari, Hamid Olimjon va Zulfiyaxonimning sadoqat dostonlari, Said Ahmad va Saidaxonimning vafodan so'zlagan bitiklari shu tilda kuylanadigan eng go'zal ayyom.
Shu o'rinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning quyidagi so'zlarini keltirishni joiz deb bilaman: “…1989 yil 21 oktyabr`! YUrtimizda mustabid tuzum hali o'z hukmini o'tkazib turgan g'oyat og'ir sharoitda xalqimizning taqdiri va kelajagini hal qiladigan Qonun – “O'zbek tiliga Davlat tili maqomi berish to'g'risida”gi Qonun qabul qilindi. Bu muhim hujjatning qabul qilinishida fidoiy va vatanparvar ziyolilarimiz, keng jamoatchilikning qat'iy shijoati hamda Birinchi Prezidentimiz muhtaram Islom Abdug'anievich Karimovning siyosiy irodasi katta o'rin tutdi”.
Ha, bu Qonunning qabul qilinishi millatning mustaqillik sari qo'ygan zalvorli qadami edi. Bugun bu so'zlar qanchalik haqiqat ekanligini hayotning o'zi isbotlab turibdi. Ayniqsa, davlatimiz rahbari tomonidan 21 oktyabrni O'zbek tili bayrami kuni deb e'lon qilinishi ko'ngillarni yashnatib yubordi. Albatta, bu kunning bayram qilinishi, o'zbek tiliga e'tibor va uning rivoji uchun qilinishi zarur bo'lgan xayrli ishlarning boshlanganiga sabab bo'lsa ajab emas. Shu o'rinda hayajonimni bir so'zda ifoda etmoq istayapman. Qadring baland bo'lsin, ey ona tilim degim kelayapti.
Jannatmonand o'lkaning har burchida o'zining baxtiyorligidan shodlanib yashayotgan yuraklarni barchalarini milliy sha'n va g'urur bayrami bilan qutlagan holda, Sizga ilingan va Sizga sog'ingan go'zal izhorlarimni she'rim bilan yo'llagim kelayapti…
Tug'ildim,
Qulog'imga azon aytildi.
Jonimga kirdi U,
Iymon misoli.
Hali,
Dunyo neligini anglamasimdan,
Cezdim…
Ona tilim,
Millat timsoli!
Beshigimda,
Orzuga to'la,
Onam aytgan shirin ashula,
Sen tojimsan, boshimda shu'la,
Ona tilim,
Millat timsoli!
Bebahosan,
Qiymating ulkan,
Millat kema,
Sen esa elkan,
Ne'matimsan,
Sen Xudo bergan,
Ona tilim,
Millat timsoli!
Sen o'zligim o'zagi, dursan,
Etti olam toji, huzursan,
Faxrimdirsan, dilda g'urursan,
Ona tilim,
Millat timsoli!
Sen, onamning ko'hna kechmishi,
Samarqandning qora kishmishi,
Millatning, MILLATDEK o'sishi,
Ona tilim,
Millat timsoli!
Sen bor-ki, Navoiy sultondir,
Fitrat-FITRAT, CHo'lpon-CHO'LPONdir,
Sen bor, bugun boshim osmondir,
Ona tilim,Millat timsoli!
Joynamozda yog'ilgan, NURsan,
Muhammadlar tuygan G'URURsan,
Bekligimga bezak, mashHURsan,
Ona tilim,
Davlat timsoli!
Mirzohid BOTIROV,
Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi huzuridagi Ma'naviyat va ma'rifat markazi direktori v.b.