O'tgan 2022-yil men uchun o'z ustimda izlanish, yanada ko'proq bilimlar egallash, oldimga qo'ygan maqsadlarim tomon intilish davri bo'ldi. Va bu harakatlarim so'nggi kunlarda meni quvontirgan va g'ururlantirayotgan hodisaga etkazdi — Prezident stipendiyasi g'olibi bo'ldim.

Ilm yo'li doim mashaqqatli bo'lgan. Ayniqsa, Prezident stipendiyasi sohibi bo'lish katta mehnat va bilim talab qiladi. Stipendiyani qo'lga kiritish esa insonda yuksak faxr tuyg'ularini uyg'otadi. Xuddi ortimda Prezidentimiz turganini his ettirib turadi. Shu yili, 21 yoshimda ushbu stipendiyani qo'lga kiritganim men uchun katta voqelik. Bu biz, yoshlarga bildirilgan ishonch, berilgan imkoniyat belgisidir.

O'zim Qashqadaryoda tug'ilib o'sganman. Maktab davridayoq barcha fanlarni birdek o'zlashtirish, yaxshi baholarga o'qishga harakat qilganman. Kelgusidagi ta'lim yo'nalishimni tanlashda esa ancha ikkilandim. Va nihoyat, iqtisodiyot yo'nalishini tanlab, hozirda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining 4-bosqichida tahsil olyapman.

Aslida, Prezident stipendiyasini qo'lga kiritishimga onam sababchilar.  Ular buni doim istab, niyat qilardilar. Kasblari o'qituvchi, o'zlari oliy o'quv yurtida dars berganlari uchun Prezident stipendiyasini olish oson emasligi, talabadan doimiy o'qib-o'rganish va faollik talab etilishini yaxshi bilardiar. Shuning uchun universitetga kirgan kunimdan boshlab “A'lo baholarga o'qi, sen Prezident stipendiyasi sohibi bo'lishing kerak”, deb aytardilar. Eng kuchli motivatsiyani onamdan oldim.

Harakatlarim esa 2-bosqichda o'qib yurganimda boshlangan. Ammo o'shanda hujjatlarni topshirishga kech qolgandim. Shundan keyin kelasi yil topshirish uchun dadil harakat qila boshladim. Universitetning Yoshlar bilan ishlash bo'limidan yo'l-yo'rig'i so'rab o'rgandim. Ustozlarim yordamida tayyorgarlik ko'rdim. Meni hamisha qo'llab-quvvatlaganlari, maslahatlarini ayamaganlari uchun barcha ustozlarimga, ilmiy rahbarim Lochin Amirovga minnatdorlik bildiraman. Xato qilganimda, koyib bergan vaqtlari ham bo'ldi. Prezident stipendiyasiga ega bo'lish bu juda katta mehnat, ma'suliyat ekanini ta'kidlashardi. Men ham intilishdan, bilimlarimni boyitishdan to'xtamadim va oxiri, ko'zlagan maqsadimga erishdim. Buning uchun mening oldimda hech qanday to'siqlar bo'lmadi. Faqat o'zimda bor narsani ko'rsatib berish talab etildi.

Shu kunga qadar AQSH, Belgiya, Kanada, Turkiya, Germaniya kabi bir qancha davlatlarda ilmiy maqolalarim chop etildi. Ochig'i, menda moddiy jihatdan katta imkoniyatlarim yo'q edi. Hozir poytaxtda ijara uyda onam va ukam bilan yashaymiz. Asosiy daromadimiz onamning maoshlari va mening stipendiyamdan. Lekin bu holatlar maqsadlarim sari intilishimga to'siq bo'lolmaydi. Tengdoshlarimga ham aytardimki, ezgu maqsadlar uchun aslo harakatdan to'xtamaslik kerak. Hayotda turli ko'ngilsizliklar, kutilmagan holatlar, muammolar bo'ladi, ammo ularga qaramasdan, faqat olg'a yurish kerak. Tinimsiz o'qish, bilim egallash, boshqalarga havasda yashash va ota-onaning duosini olish lozim.

Prezident stipendiyasi g'olibi bo'lganimni birinchi bo'lib onajonimga aytdim. Xushxabarni eshitib, o'zlariga sig'mas darajada xursand bo'lib ketdilar. Yonlarida turgan odamlarga, barcha hamkasblariyu, butun qishloqqa darhol yangilikni etkazibdilar. O'zimga esa “O'g'lim, sen bilan faxrlanaman, va nihoyat, erishding”, dedilar. Ana shu so'zning o'zi men uchun eng katta mukofot bo'ldi va kuch berdi.

Kelajakdagi orzuim — ota-onam men bilan doim faxrlanishlarini istayman. Ularning ko'ngillaridagi jamiki armonlari, orzu-istaklarini ro'yobga chiqarsam, deyman. Buning uchun o'qib-izlanishdan, mehnat qilishdan to'xtamayman. Onam istaganlaridek, yurtimiz taraqqiyotiga hissa qo'shadigan inson bo'lishga doim intilib yashayman.

Sindor SAFAROV,

Prezident stipendiyasi sohibi

(Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining (24.01.23, 15-sonida e'lon qilingan)