Bu haqda Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Navoiy viloyat Kengashi va Adliya boshqarmasi hamkorligida oʻtkazilgan yoshlar bilan onlayn muloqotda aytib oʻtildi. Tadbirda mahalliy davlat organlari, davlat test markazi, oliy taʼlim muassasalari vakillari, oʻqituvchilar va abituriyent yoshlar ishtirok etishdi. Muloqot avvalida yoshlarga onlayn hujjat topshirish tartibi tushuntirilib, test jarayonida boʻladigan oʻzgarishlar toʻgʻrisida maʼlumot berildi.
— Onlayn hujjat topshirish jarayonini barcha ham birdek tushunavermaydi. Shuning uchun biz viloyatdagi har bitta maktabga AKT boʻyicha mutaxassislarni biriktirdik. Bitiruvchilar ularning koʻmagida hujjatlarini onlayn tarzda kerakli joyga taqdim etishlari mumkin, — deydi viloyat hokimligi bosh mutaxassisi Abror Latipov
Bu yilgi test jarayonlari ham avvalgilaridan farq qiladi, DTM Navoiy viloyat boʻlim boshligʻi Nurxon Bekniyozovning aytishicha, vaziyatdan kelib chiqib joriy yilda ota-onalar uchun maxsus kutish joyi hozirlanmaydi. Abituriyentlarga esa test oʻtkaziladigan bino atrofiga belgilangan vaqtdan 2 soat oldin kelib turish talab qoʻyilmoqda. Chunki binoga kirish uchun koʻrik jarayoni odatdagidan choʻzilishi mumkin.
Biz yoshlarga qulaylik tugʻdirish uchun test savollari toʻplamiga maxsus raqamlangan qoʻshimcha qogʻoz tikib qoʻyyapmiz, partalarga qoʻshimcha ruchkalar ham qoʻyiladi. Bu gal test oʻtkaziladigan xonaga 2-3 ta kamera oʻrnatilishi va ularning hududiy telekanallarga ulanishi kutilayapti. Bu jarayonni onlayn translyatsiya qilish va test topshiruvchilarni uydan turib kuzatish imkonini yaratadi, - deydi N.Bekniyozov.
Tadbir davomida xotin-qizlar uchun qoʻshimcha grant asosida OTMga kirish tartibi toʻgʻrisida ham tushunchalar berib oʻtildi.
Ilhom Tursunov,
OʻzMTDP Navoiy viloyati Kengashi “Yoshlar qanoti” rahbari.