Hozirgi vaqtda oʻtgan yil yakunlari boʻyicha yillik aylanmasi (tushumi) 100 mln soʻmdan oshgan (yoki yil davomida ushbu chegaraviy miqdorga yetgan) tadbirkorlik subyektlari onlayn-NKM yoki virtual kassadan foydalanmoqda.

Kelasi yilning 1-yanvaridan barcha tadbirkorlik subyektlari onlayn nazorat-kassa texnikalaridan foydalanishga oʻtadi.
29-iyun holatiga 140 mingga yaqin savdo va xizmat koʻrsatish subyekti 165 mingdan ziyod onlayn nazorat-kassa texnikalaridan foydalanmoqda. Tadbirkorlik subyektlari oʻz ehtiyojlari va imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda onlayn-NKM yoki virtual kassani tanlash huquqiga ega.
Qurilmalar roʻyxati yangilandi, xususan, onlayn-NKM reyestriga ikkita model (“Uzkassa P100” va “Sunmi P2”) qoʻshilib, ularning umumiy soni 15 taga yetdi. Virtual kassalar roʻyxati 5 ta yangi dasturiy mahsul (“Vipos”, “Xpos”, “I-cash” versiyasi 0.2, “Mobil kassa” va “I-cash” versiyasi 4.08e) bilan toʻldirildi, shu tariqa ular 16 ta boʻldi.
Onlayn NKM va virtual kassalarga texnik xizmat koʻrsatish markazlari soni ham oshib bormoqda. Foydalanuvchilarga texnik xizmatlar koʻrsatish boʻyicha 26 ta markaz roʻyxatdan oʻtgan.
Onlayn-NKMlarga qoʻyilayotgan talablar ham takomillashtirilmoqda. Masalan, qogʻozga bosib chiqarishdan oldin fiskal maʼlumotlarni tekshirish va aks ettirish uchun kamida TFT LCD 800*480 piksellar soniga ega ekran mavjudligi talabi bekor qilingan. Onlayn-NKMlar 24 soat offlayn rejimida ishlagandan soʻng ularni avtomatik bloklash tizimi paydo boʻldi.
Virtual kassaga oid oʻzgarishlar virtual kassaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish imkoniyatini, shuningdek elektron tijorat orqali faoliyat yuritishni - fiskal maʼlumotlarni operatorga uzatishni DSQ tomonidan ishlab chiqilgan virtual kassa dasturiy mahsuloti orqali amalga oshirish imkoniyatini oʻz ichiga oladi.