Bu haqda Milliy statistika qoʻmitasi maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, gʻoliblar tasodifiy tanlab olinib, Qoʻmita tomonidan qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanadi.

Maʼlum qilinishicha, har kuni har bir hududdan onlayn roʻyxatdan oʻtgan ishtirokchilar orasidan gʻoliblar aniqlanadi. Ularga noutbuk va planshetlar topshirilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, ayrim hududlarda qoʻshimcha ragʻbatlantirish choralari ham belgilangan. Jumladan, Qashqadaryo viloyati hokimligi tomonidan eng faol mahallada infratuzilma ishlari amalga oshirilishi koʻzda tutilgan. Ular orasida 1 kilometr ichki yoʻlni taʼmirlash yoki qurish, elektr taʼminotini yaxshilash, piyodalar yoʻlakchalarini barpo etish hamda yoshlar uchun mini stadion tashkil etish bor.

Sport vazirligi esa Toshkent viloyati Piskent tumanida birinchi boʻlib onlayn roʻyxatdan oʻtgan mahallada universal sport maydonchasi, shuningdek, stritbol va vorkaut maydonchasi barpo etilishini maʼlum qildi.

Fargʻona viloyati hokimligi tomonidan onlayn roʻyxatdan oʻtgan fuqarolar oʻrtasida 36 ta televizor tarqatilishi rejalashtirilgan. Toshkent shahar hokimligi esa roʻyxatga olish tadbirida faol ishtirok etgan 20 nafar oliy taʼlim muassasasi talabasi uchun yillik kontrakt toʻlovining 50 foizini qoplab berishini maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, eng koʻp oila aʼzolarini roʻyxatdan oʻtkazgan xoʻjaliklar uchun “Toshkent Akva bogʻi”ga yoz mavsumida 4 kishilik bepul kirish vaucherlari ajratiladi. Shuningdek, roʻyxatdan oʻtgan eng keksa ayol va erkaklar “AKFA Medline” klinikasida bepul toʻliq tibbiy koʻrikdan oʻtadi.

Bundan tashqari, eng yosh fuqarolarning ota-onalari uchun “Uzum Market” elektron savdo platformasida xaridlar uchun chegirma promokodlari taqdim etiladi. Tadbir va targʻibot ishlarida faol ishtirok etgan talabalar hamda koʻngillilar “Korzinka” supermarketlar tarmogʻida xaridlar uchun 2 million soʻmlik vaucherlarga ega boʻladi.

Shu bilan birga, faol yoshlar va koʻngillilar uchun “Cambridge” oʻquv markazida sunʼiy intellekt, chet tillari yoki boshqa yoʻnalishlar boʻyicha 3 oylik bepul oʻqish imkoniyati yaratiladi.

Gʻoliblar haqidagi maʼlumotlar Milliy statistika qoʻmitasining rasmiy axborot manbalari orqali eʼlon qilib borilishi maʼlum qilindi.