Urganch davlat universiteti jamoasi bu jarayonda birdaniga 962 nafar professor-o'qituvchi tomonidan masofaviy ta'lim kurslarini yaratish va 16,5 minga yaqin talabalarga onlayn darslar tashkil etish vazifasi bilan to'qnash keldi.
Bir narsani tan olib aytish kerak, yaxshimi-yomonmi, o'zbek ta'lim tizimi bir dovonni bosib o'tdi. Onlayn ta'lim biz uchun imkonsiz jarayondek tuyular, unga o'tishga goh vaqt, goh texnik imkoniyatlarni bahona qilardik. Pandemiya esa bu jarayonni bir necha o'n yil oldinga tezlashtirib yubordi. Internetni tushunmaydiganlar unda ishlashni o'rgandi, turli zamonaviy dasturlar bilan tillashdi. Asosiysi, professor-o'qituvchilar aloxida fidoiylik ko'rsatib mazkur holatni teran anglagan holda darhol ishga tushib ketdilar. Axborot texnologiyalari va masofaviy pedagogik texnologiyalar bo'yicha boy tajribaga ega xodimlardan ishchi gurux tuzilib, professor-o'qituvchilar va talabalarga metodik yordamlar ishlab chiqildi.
Prezidentimiz raisligida joriy yil 30 aprel kuni o'tkazilgan yig'ilishda joriy o'quv yilini sifatli yakunlash, xorijiy davlatlar tajribasi va bugungi vaziyatdan kelib chiqib, oliy o'quv yurtlarida bitiruv imtihonlarini onlayn shaklda o'tkazish, o'quv yuklamalarni va dasturlarni qayta ko'rib chiqish, oliy o'quv yurtlarida amaliy ko'nikmalarni rivojlantirishga e'tiborni kuchaytirish, bosqichma-bosqich masofaviy shaklda pedagoglar malakasini oshirish, dars mashg'ulotlarini masofadan kuzatish kabi masalalarga alohida urg'u berildi. Imtihonlar shaklini soddalashtirish bo'yicha vazifalar belgilandi. Ta'lim metodikasini rivojlantirish va pedagoglar saviyasini oshirish muhimligi ta'kidlandi. Litseylar faoliyatini kuchaytirish, har bir viloyatda namunali kasb-hunar maktablari, kollej va texnikumlar tashkil etish bo'yicha topshiriqlar berildi.
Har yaxshining bir yomoni bor, deganlaridek, karantin bizni faol turmush tarzidan biroz cheklagan bo'lsa-da, ish jarayonimizni, aksincha, jadallashtirdi. Sababi, bugungi kunda universitetimizda jami 16 461 nafar talaba tahsil olayotgan bo'lsa, ular uchun universitet masofaviy ta'lim tizimi dl.urdu.uz veb saxifasi orqali qisqa muddatda 1 600 ga yaqin fanlardan masofaviy ta'lim kurslari ochildi va ularni ta'lim kurslari bilan boyitish ishlari karantin davrining birinchi kunidan boshlab yuborildi.
An'anaviylikdan zamonaviylikka
Masofaviy o'qitishda turli xil axborot va kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanildi, xususan, an'anaviy o'qitish vositalari, o'quv qo'llanma va darsliklarning elektron nusxasi bilan bir qatorda, interaktiv audio va video materiallar, videomuloqotlar, elektron pochta kabi texnologiyalar keng qo'llanilmoqda. Mazkur manbalar dunyoga mashxur masofaviy o'qitish tizimi bo'lgan MOODLE tizimi orqali amalga oshirilmoqda. Ushbu platformada barcha zaruriy elementlar, xususan, ma'ruza, videodars, test, topshiriq, chat, forum, so'rovnoma, glossariy, teskari aloqa va vebinar imkoniyatlari joylashtirilgan. Professor- o'qituvchilarimiz xar bir mavzuga doir 15-20 daqiqalik qisqa video ma'ruzalar ishlab chiqishdi va ijtimoiy tarmoqlar orqali xam talabalarga ta'lim berish yo'lga qo'yildi.
O'quv kurslarida qo'shimcha 674 ta adabiyotga xavola ko'rsatilib, 75 mingdan ortiq o'quv resurslari saxifalari ochildi. O'qituvchilar tomonidan mavzular bo'yicha 10 mingdan ortiq qisqa video tushuntirishlar ishlab chiqilib, tizimga o'rnatildi, 2 149 ta glossariy majmuasi yaratildi. Amaliy va seminar mashg'ulotlar ta'limni boshqaruv tizimining forum, survey, workshop, chat, wiki kabi 11 mingga yaqin elementlari qo'llanildi. SHuningdek, masofadan video muloqot orqali yuzma-yuz ta'lim berish maqsadida ZOOM dasturidan xam unumli foydalanishmoqda.
Vebinarlarda faollik oshdi
Mamlakatimizdagi va xorij davlatlardagi etakchi oliy ta'lim muassasalarida bo'ladigan seminarlarda ishtirok etish vaqt, mablag' va sharoitni talab qilar edi. endilikda internet dasturlarini o'rganib olgan universitet jamoasi nafaqat, xorijlik hamkasblarining vebinarlarida qatnashmoqda, balki professor-o'qituvchilar bilan talabalar uchun bir qancha onlayn vebinarlar tashkil etmoqda. Vebinar kuchli mutaxassislar va yoshlarni birlashtiruvchi qutb bo'lib, bu orqali ta'lim olish istagida bo'lgan har bir fuqaro respublikamizning istalgan hududida turib, kuchli mutaxassislardan bilim olish imkoniga ega bo'ladi. Bu ham onlayn ta'lim bergan bir imkoniyat, aslida.
Professor-o'qituvchilarning masofadan o'qitish metodikasini mustahkamlash bo'yicha “Masofaviy ta'limni tashkil etish texnologiyalari” va “Ingliz tilini o'rganish” masofaviy kurslarining yo'lga qo'yilishi esa xodimlarning ish jarayonidan va oilasidan ajralmagan holda o'z malakalarini oshirib borishiga zamin yaratdi. SHu bahona universitet va OTMlararo o'tkaziladigan barcha ilmiy konferentsiyalar, seminarlar onlayn o'tkazila boshlandi.
Masofaviy himoyalar saviyasi qanday?
2019-2020 o'quv yilida Urganch davlat universitetida bakalavr ta'lim yo'nalishlari bo'yicha 2 027 nafar, magistratura mutaxassisliklari bo'yicha 100 nafar, jami bo'lib 2 127 nafar talaba o'qishini tamomlaydi.
Universitet bitiruvchi kurs talabalarining yakuniy nazoratlar va yakuniy davlat attestatsiyalari to'liq masofaviy tarzda onlayn test sinovlari va taqdimotlar shaklida o'tkazilishi rejalashtirildi. Oldiniga diplom himoyasining onlayn shakli qanday bo'ladi, imtihonlarni qay tarzda o'tkazamiz degan hadiklar o'zimizda ham bo'ldi. Lekin sharoit taqazo qilsa, inson barcha qiyinchilikni engishga qodir. Bunga talabalarni ham ishontirdik. Bakalavriat ta'lim yo'nalishlari bo'yicha fanlararo (umumkasbiy va ixtisoslik) yakuniy davlat attestatsiya sinovlari masofaviy tarzda onlayn test sinovlari shaklida o'tkazilishini maqsad qildik. Magistrlik dissertatsiyalari himoyalari ham masofaviy tarzda onlayn taqdimotlar shaklida ZOOM ilovasi orqali o'tkazilishi rejalashtirildi. Bu borada eng maqbul va optimal variantlar tanlanib, amaliyotga tatbiq etish bo'yicha mexanizmlar ishlab chiqildi. YAkuniy davlat attestatsiyalarida uzrli sabablarga ko'ra ishtirok eta olmagan talabalar uchun respublika miqyosida karantin cheklovlari to'liq yakunlangach, qayta topshirishga imkoniyatlar yaratiladi, ular uchun yakuniy davlat attestatsiya komissiyalari faoliyati tashkil etiladi.
Qabul qanday bo'ladi?
Universitetimizda 2020/2021 o'quv yili uchun 63 ta kunduzgi ta'lim yo'nalishlariga, 17 ta sirtqi ta'lim yo'nalishlariga, 33 ta magistratura mutaxassisliklariga qabul uchun takliflar berilgan. Xususan, viloyatimizdagi kadrlarga bo'lgan extiyoj xisobga olinib 6 ta yangi ta'lim yo'nalishilari va 5 ta yangi magistratura mutaxassisliklari ochilishi rejalashtirilgan.
Kelgusi o'quv yili uchun kirish imtihonlari muddatlari o'zgartirilgani yo'q. Abiturientlar xujjatlari belgilangan tartibda 15 iyundan 15 iyulgacha (shu kuni ham) qabul qilinadi, oliy ta'lim muassasalariga abiturientlarning hujjatlarini masofadan qabul qilish bo'yicha yangi tartibdagi imkoniyatlar va afzalliklar yaratiladi. Abiturientlar YAgona davlat interaktiv xizmatlar portali yoki DTM sayti orqali ro'yxatdan o'tishlari mumkin. Karantin sharoitini hisobga olib, test topshiriqlarini soddalashtirish ishlari amalga oshirilyapti. Joriy yil 5 ta fan yuzasidan imtihon test sinovlarini topshirishlari belgilangan edi, hozirda mana shu fanlar miqdorini optimallashtirish masalasi o'z echimini topdi.
Alohida iqtidor talab etiladigan ta'lim yo'nalishlariga talabalikka qabul qilish imtixonlarini o'tkazish jarayonlarini soddalashtirish bo'yicha takliflar ishlab chiqilmoqda. Avvalo, abiturientga ijodiy imtihon topshirishi uchun oliy o'quv yurtiga faqat bir marta kelib-ketish talabi qo'yiladi. Oldingi yillarda esa imtihon topshirish uchun bir necha marta kelib-ketish talab qilinar edi.Ijodiy imtihon tarkibida nechta topshiriq bo'lishidan qat'i nazar, abiturientlar bir kunda hammasini topshirishi kerak bo'ladi. Imtihon olish davomiyligi ham imkon darajasida qisqartiriladi.
Magistraturaga kirish imtihonlari karantin tadbirlaridan kelib chiqqan holda Nizomda belgilangan shakllarda yoki test shaklida o'tkazilishi mumkin. Kirish imtihonlari natijalari universitetning rasmiy veb saytlarida e'lon qilinadi.
SHartnoma pulini to'lash masalasi
Karantin davrida o'quv yili uchun to'lov-shartnoma pullarini to'liq to'lashga ulgurmagan talabalar istisno tarzida o'qishdan chetlatilmadi. Bu bitiruvchi kurs talabalariga ham taalluqli. Universitet moliyaviy imkoniyatidan kelib chiqib, kontrakt to'lovi muddatini mustaqil uzaytirish vakolatiga ega. To'lovlarni to'liq amalga oshirmagan talabalar shartli ravishda, istisno tariqasida yakuniy nazoratlarga kiritilishi mumkin, lekin ularga o'quv yili uchun belgilangan to'lovni to'liq amalga oshirganlaridan so'ng, kursdan-kursga ko'chirilganlik to'g'risidagi buyruq rasmiylashtiriladi. Bitiruvchi kurs talabalariga ham shartnoma pulini to'laganlaridan so'ng oliy ta'lim muassasasini tugatganligi to'g'risidagi tegishli diplom beriladi.
Muammolar ham yo'q emas
Maqola avvalida aytganimizdek, onlayn ta'lim dasturi kutilmaganda va juda qisqa muddatda yaratildi. Bunda kamchiliklar bo'lishi tabiiy hol. Men talabalar orasidagi muammo to'g'risida to'xtalmoqchi edim. “O'zi yo'qning ko'zi yo'q” deganlaridek, masofaviy ta'limga yuzaki qarab, bir-biridan yoppasiga ko'chirgan talabalar ham ko'plab uchradi. Darsni qo'l uchida qilib, mendan ketguncha, egasiga etguncha qabilida ish tutgan tolibi ilmlar ham bo'y ko'rsatdi. To'g'ri, internet ta'minoti bo'yicha chekka qishloqlardagi asl manzara ko'zga tashlanib qoldi. Ammo bu boshqa masala. Kelgusi o'quv yilida mutasaddilar bu muammolarga echim topadi, degan umiddamiz. SHu o'rinda talabalar va ularning ota-onalaridan onlayn ta'lim jarayoniga, ustozlarning mashaqqatli mehnatiga hurmat bilan qarab, ilm olishga ishtiyoqni so'ndirmasliklarini so'rab qolardik.
Bahrom ABDULLAEV,
Urganch davlat universiteti rektori