Onlayn tanlovning ilk g'oliblari aniqlandi

    Ta'lim 19 May 2020 629

    Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rahbariyati tomonidan talabalarni har tomonlama etuk mutaxassislar etib tarbiyalash borasida tizimli ishlar amalga oshirilyapti.

    Jumladan, ayni paytda ham umumiy qiymati 2,5 mlrd. so'mlik davlat dasturi doirasida 11 ta loyiha — 3 ta fundamental va 8 ta amaliy, umumiy qiymati 100 mln. so'mdan ortiq 15 ta xo'jalik shartnomalari ustida ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda. SHuningdek, universitet ilmiy izlanuvchilari tomonidan “Scopus” veb bazasida indekslanuvchi jurnallarda 78 ta va boshqa xalqaro ilmiy-texnik ma'lumotlar bazasidagi jurnallarda 100 dan ortiq ilmiy maqolalar nashr etilgan.

    Ayniqsa, koronavirus pandemiyasi sharoitida talabalarning bo'sh vaqtini mazmunli o'tkazishni rag'batlantirish maqsadida tashkil etilgan “Talabalarning eng yaxshi innovatsion tadbirkorlik loyihalari” onlayn ko'rik-tanlovi yana bir ezgu ishlardan bo'ldi.

    Ko'rik-tanlovda universitet rektori K.SHaripov, prorektorlar, bo'lim boshliqlari, markaz direktorlari, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirligi, YAshnobod texnoparki, O'zbekiston venchur kapitali assotsiatsiyasi va boshqa tashkilotlar mas'ul xodimlari, professor-o'qituvchilar, tadqiqotchilar hamda talaba-yoshlar qatnashdi.

    Tanlovga talabalar va tadqiqotchilar tomonidan 50dan ortiq startap loyihalar kelib tushgan bo'lib, startap tashabbuskorlari komissiya a'zolari bilan o'z g'oyalarining mazmun-mohiyati va tarkibiy tuzilishini taqdimot hamda videoroliklar yordamida onlayn muhokama qildilar.

    Ko'rik-tanlovda so'zga chiqqanlar tomonidan startap loyihalar bo'yicha yangi innovatsion mahsulotlar va xizmatlarning yaratilishi, ishchi guruhni shakllantirish, yangi ish o'rinlarini yaratish, turli sohalardagi loyihalarning natijadorligini oshirish masalalari atroflicha e'tirof etildi.

    Tanlov interaktiv, qiziqarli savol-javoblar va mazmunli baxs-munozaraga boy tarzda, yuqori saviyada o'tdi, deb xabar bermoqda universitet matbuot xizmati.

    5ta 1-o'rin, 5ta 2-o'rin, 5ta 3-o'rinlar bo'yicha g'oliblikni qo'lga kiritgan talabalar keyingi bosqichga yo'llanma oldi. Onlayn tanlov g'oliblari Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi YOshlar akademiyasi tomonidan e'lon qilingan “Start-up” loyihalar tanlovida faol ishtirok etishlari ta'kidlab o'tildi.