Opa-singillarimizning asl fazilatlari sara bellashuvlarda namoyon boʻldi

    Ijtimoiy hayot 2 Iyun 2023 1960

    Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tengligi va oila masalalari boʻyicha Respublika Komissiyasi bayonnomasiga muvofiq joriy yil 2-iyunda Shirin shahrida “Ayol — jamiyat koʻzgusi” mavzusidagi tadbirlar boʻlib oʻtdi.

    Erta tongdan shaharning Mirzo Ulugʻbek mahallasida faol xotin-qizlar ishtirokidagi “Sportni sev, sport bilan yasha” shiori ostida velosport musobaqalari boshlandi.

    Shahar Yoshlar markazida oʻtkazilgan “Milliy liboslar – millat koʻzgusi” mavzusidagi anjumanda kiyinish odobi, madaniyati, milliy liboslarning tarixi va bugungi kundagi uygʻunlashuvi, bu boradagi mavjud muammo va kamchiliklar boʻyicha maʼruzalar tinglandi. Ushbu tadbir “Oqila ayollar” harakati aʼzolari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi, liboslar boʻyicha mutaxassislar, lider xotin-qizlar tashkilotchiligi va faol ishtirokida oʻtkazildi.

    Konferensiyada ayollar, ayniqsa, yosh qizlar oʻrtasida milliy ruhdagi, mentalitetimizga xos kiyimlar andozasini targʻib qilish davr talabiga aylanayotganiga alohida urgʻu berildi.

    Tadbir viloyatning barcha tuman-shaharlarida faoliyat yuritayotgan tikuvchi va dizaynerlarning milliylikni oʻzida aks ettirgan “Milliy liboslarda zamonaviy va anʼanaviy qadriyatlar uygʻunligi” mavzusidagi liboslar namoyishi bilan davom etdi.

    Xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish, tadbirkorlik faoliyatini boshlash orqali xotin-qizlar uchun yangi ish oʻrinlarini yaratish, muvaffaqiyatli tadbirkor ayollarning tajribasini ommalashtirish maqsadida tashkil etilgan Mahorat darslari tadbir ishtirokchilari uchun juda qiziqarli oʻtdi.

    Ayniqsa, “Yurtimizning lider tadbirkor ayollari” shiori ostida “AslMed” xususiy tibbiyot klinikasi; “Doʻstlik” MFY dagi “Bravo shirinliklari” qandolatchilik korxonasiga uyushtirilgan biznes sayohatlar koʻpchilikka manzur boʻldi.

    Shirin shahar, A.Temur MFYda joylashgan tabiiy fanlarga ixtisoslashtirilgan maktabda “Siz qonunni bilasizmi?” mavzusida 5 ta jamoalar oʻrtasidagi viktorinalar qiziqarli savollarga boy boʻldi.

    Kun davomidagi tadbirlarda faol ishtirok etgan xotin-qizlar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.

    Tadbirga Sirdaryo viloyatining barcha tuman-shaharlaridan 300 nafar xotin-qizlar jalb etildi.

    Sirdaryo viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi matbuot xizmati.