Qarorda mamlakatimizda opera va balet san’atini yanada rivojlantirish, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri faoliyatini takomillashtirish, uning jahon san’at olamida tutgan o‘rni va mavqeini mustahkamlash vazifalari belgilandi. Shuningdek, opera va balet san’atini yanada rivojlantirishning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Jumladan, respublikada opera va balet san’atini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari sifatida milliy opera va balet san’atida ustoz-shogird an’analari va mahorat maktablarini rivojlantirish, opera va balet san’atidagi iste’dodli va yuqori malakali ijodkorlarning mahorat maktablarini tashkil etish, mahorat maktabini yaratgan ijodkorlarni Davlat budjeti hisobidan asosiy ish joyi orqali har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravari miqdorida qo‘shimcha rag‘batlantirib borish va boshqa chora-tadbirlar belgilandi.
Opera va balet san’ati uchun amaliy ko‘nikma va zarur mahoratga ega bo‘lgan kadrlar tayyorlash, teatr va ta’lim tashkilotlari uzviyligini ta’minlash hamda bunga sohadagi faxriylar va ustoz ijodkorlarni keng jalb qilish maqsadida O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi huzurida Xoreografiya o‘quv teatri, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri huzurida Vokal akademiyasi hamda Opera va balet asarlarini yaratish ijodiy ustaxonasi, 70 ta shtat birligidan iborat bo‘lgan Faxriylar orkestri tashkil etiladi.
Shuningdek, teatr bilan madaniyat va san’at sohasidagi ta’lim tashkilotlarining uzviy hamkorligi sifatida teatr buyurtmasiga asosan vokal xonandalar, orkestr va xor artistlari, balet sohasi mutaxassislarini tayyorlash uchun madaniyat va san’at sohasidagi tegishli ta’lim tashkilotlariga har yili maxsus kvota ajratiladi. V.Uspenskiy va R.Glier nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktablari konsert-pedagogik dasturini shakllantirishda teatrning repertuarlari inobatga olinadi.
2022/2023 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasida «Balet rejissyorligi» bakalavriat ta’lim yo‘nalishi ochiladi.
Qarorga muvofiq, madaniyat va san’at, shu jumladan opera va balet san’ati uchun texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarni, xususan grim ustasi, rekvizitor, sahna montajchisi va yorituvchini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish maqsadida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti huzurida 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab texnikum tashkil qilanadi.
Hujjatda madaniyat va san’at sohasi, shu jumladan opera va balet san’ati bo‘yicha yirik ijodiy ishlarni amalga oshirgan soha vakillari uchun Madaniyat sohasi akademigi maxsus unvoni ta’sis etilishi belgilandi.
Maxsus unvon sohiblariga Badiiy akademiyaning akademiklari uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan imtiyozlar tatbiq etiladi, shu jumladan ularga daromad solig‘idan ozod qilinadigan oylik gonorar to‘lanadi.
Madaniyat sohasi akademigi madaniyat va san’at sohalarida yirik ijodiy ishlarni amalga oshirgan ijodkorlarga Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartib asosida har uch yilda bir marta o‘tkaziladigan saylov natijalariga ko‘ra beriladi.
Bundan tashqari teatrga har yili kamida to‘rtta milliy hamda jahon klassik opera va balet asarlarini sahnalashtirish uchun davlat buyurtmasini berish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Davlat budjeti hisobidan tarixiy va zamonaviy mavzularda tegishliligi bo‘yicha milliy hamda jahon klassik opera va balet asarlarini yaratish jarayoniga teatr tomonidan tanlov e’lon qilinadi. Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan milliy hamda zamonaviy jahon klassik opera va balet asarlarini yaratish va sahnalashtirish uchun xalqaro darajadagi mutaxassislar jalb qilish nazarda tutilmoqda.
Hujjatda, shuningdek, opera va balet san’ati bo‘yicha iqtidorli yoshlarni yuzaga chiqarish maqsadida har yili fevral oyida yosh vokal ijrochilari, aprel oyida yosh balet ijrochilari, iyun oyida dirijor, rejissyor va baletmeysterlar respublika ko‘rik-tanlovlari o‘tkazilishi belgilandi.
Ushbu respublika ko‘rik-tanlovlarining bosh sovrini va 1-o‘rinni qo‘lga kiritganlar mos ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha tegishli davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat qabul kvotasiga qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Bundan tashqari, qarorda 2022 yildan boshlab Davlat budjeti hisobidan har ikki yilda Halima Nosirova nomidagi xalqaro yosh operachilar ko‘rik-tanlovi va «Toshkent bahori» xalqaro opera va balet festivali o‘tkazilishi nazarda tutilmoqda.
Teatrga xorijiy mamlakatlardan yetuk va malakali bosh dirijorlarni jalb etish, teatr jamoasining xorijiy davlatlarga gastrol safarlarini tashkil qilish, ijodkorlar va mutaxassislarni xorijda o‘qitish, malaka oshirish va stajirovkaga yuborish chora-tadbirlari ham tasdiqlandi.