Iste'dodli  yoshlarni izlab topish,  ularning noyob san'atini asrab avaylash, intilishlarini qo'llab-quvvatlash  maqsadida Qoraqalpoq elining Nukus shahrida  o'tkazilayotgan YOshlar ovozi festivalining ikkinchi kuni ham o'ziga xos ravishda, qizg'in jarayonlarda davom etdi. 

 Bugun, 12 may kuni, 10 yoshdan 30 yoshgacha bo'lgan, 41 nafar  tanlov ishtirokchilari  “opera” yo'nalishida ijro mahoratlarini  namoyish qildilar.

 ­- Tanlov ishtirokchilarning potentsial quvvati, ayniqsa, kuchli  ovoz diapozoni bizlarni quvontirmoqda, - deydi O'zbekiston xalq artisti Ismoil Jalilov. ­-Qatnashchilarning  qo'shiqlarini eshitar ekanmiz, ularning ovoz imkoniyatlari, mana-man degan italyan operachilari bilan tengma teng bellasha oladigan darajada va hattoki yaqin kelajakda ulardan ham o'zib ketishiga hozirdanoq  ishonchimiz komil bo'lmoqda.  Nima bo'lganda ham ushbu festival, opera yo'nalishida ijod qilayotgan ovoz sohiblari ichidan eng munosiblarini  saralaydi hamda ularning istiqbolli kelajagi uchun muhim va mustahkam bir zamin bo'lib qoladi.

Darhaqiat,  tanlov qatnashchilari,  qay tilda qo'shiq kuylamasin,  milliylikdan, o'zlikdan yiroqlashmagan holda ijro qilmoqda. 

Yoshlarning ijrochiik mahoratini namoyon etish uchun ijodiy maydon yaratish, musiqa orqali madaniy saviyasini va ular san'atini rivojlantirish maqsadida  o'tkazilayotgan opera yo'nalishidagi ushbu tanlov ham, sanoqli kunlardan so'ng,  BO'ZATOVda  o'z yulduzlarini kashf etadi.

 

Gulichehra DURDIEVA,

“YAngi O'zbekiston” muxbiri