Loyihaning umumiy qiymati 6 mln dollarga teng boʻlib, 100 dan ortiq ish oʻrinlari yaratiladi. Birinchi bosqichda 2 mln dollar miqdorida investitsiya kiritildi va OʻSV apparatlarini yigʻish sexi ishga tushirilib, 25 nafar ish oʻrni yaratildi.
Oʻtgan yilning may oyida ushbu korxona tomonidan IVLning birinchi nusxasi ishlab chiqarildi, tegishli sertifikat va ruxsatnomalar olindi. Korxonada tayyorlangan birinchi IVL qurilmasi Toshkent shahar 1-klinik shifoxonasiga begʻaraz yordam sifatida taqdim etilgan.
Amaliyotchi reanimatologlar tomonidan korxonada ishlab chiqarilayotgan asbob-uskunalarga yuqori baho berildi.
Uskunalarni taʼmirlash uchun ehtiyot qismlar va xizmat koʻrsatish markazi yaratilib, OʻSV va narkoz-nafas olish qurilmalari uchun mobil va zamonaviy servis xizmati tashkil etildi.
Anesteziologiya sohasida yuqori malakali xorijiy mutaxassislar taklif qilingan holda sohaga milliy kadrlar tayyorlash maqsadida oʻquv-seminarlar oʻtkazib borilmoqda. Tibbiyot muassasalari mutaxassislari uchun maxsus simulyatorlar bilan jihozlangan zamonaviy oʻquv xonalari barpo etilgan.
IVL apparatlari dunyo boʻyicha 12 mamlakatda ishlab chiqariladi. “Chirana” kompaniyasining apparatlari dunyoning mashhur brendlari “Drager” (Germaniya), Gamilton (Shveysariya) qatoridan oʻrin egallab, boshqa kompaniya modellaridan farqli ravishda bir va ikki bosqichli emas, uch bosqichli ventilyatsiyani amalga oshiradi.
Bunday ishlab chiqarish Markaziy Osiyoda birinchi marta amalga oshirilmoqda va ishlab chiqariladigan mahsulotlarni qoʻshni davlatlarga (jumladan Tojikiston, Turkmaniston, Qirgʻiziston va Afgʻonistonga) sotish imkoniyati yaratiladi. Bugun toʻla quvvat bilan ishga tushirilayotgan “Chirana Aziya” Slovakiya-Rossiya-Oʻzbekiston qoʻshma korxonasiga tegishli ushbu zavod kelajakda xalqimiz ogʻirini yengil qilib, turli xil kasalliklar bilan kurashish uchun tibbiyot xodimlariga koʻmakchi boʻladi va “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” yorligʻi ostida yangi, innovatsion mahsulotlar eksporti hajmining oshishiga xizmat qiladi.