Ko'chat ekish, bog' yaratish ezgu amal. Otalarning farzandiga atab daraxt ekishi ham avloddan-avlodga o'tib, qadriyat darajasiga ko'tarilgan. YA'ni, farzand tug'ilganida unga atab bir juft terak ekilgan. Oradan yillar o'tib, o'sha qalamchalar uning uchun qurilajak yangi uyning sinchi yoki ustuni bo'lishi niyat qilingan.
Qadimda va yaqin-yaqinlarda ham Navro'z bayrami kunlari bolalar kun va tun jamoasiga bo'linib, oy — kecha terakdek uzun yoki kun uzun bo'lsinmi, deya qo'llarini bir-birlariga mahkam birlashtirgan holda, yasalgan arg'imchoqni uzib o'tish uchun bor kuchlari bilan harakat qilishgan. Bu o'yin “Oq terakmi, ko'k terak”, deb atalgan. Uning zamirida yorug'likning qorong'ulikdan g'olib ekaniga ishora va intilish bor...
Ha, shunday, yurtimizda terak ham boshqa ardoqli daraxtlarimiz kabi qadriyatlarimiz timsoliga aylangan. Uni etishtirish bo'yicha esa, qadimdan katta tajriba to'plangan. Qishloqdagi har bir xonadonda osmonga bo'y cho'zgan teraklar shovullab o'sib, havoning sofligini, yangi uylar yog'ochini ta'minlab kelgan.
— Hozirgi paytda yurtimizning turli iqlim va tuproq sharoitida terakning 40 ga yaqin turi, 90 dan ortiq navi parvarishlab kelinadi, — deydi Innovatsion rivojlanish vazirligi bo'lim boshlig'i Aktam Daliev, — Terak barcha turdagi daraxtlar orasida eng yaxshi havo tozalovchi hisoblanadi. Karbonat angidridni o'ziga singdirib, igna bargli daraxtlarga nisbatan 10 baravar ko'p kislorod hosil qiladi. Ayni paytda o'zidan zararli mikroblarni o'ldiruvchi fitontsidlar ham ishlab chiqaradi.
Bu turdagi daraxtlar manzarali bo'lishi va joy tanlamasligi sababli ihota va o'rmon muhofazasi, ko'kalamzorlashtirish ishlarida muhim ahamiyatga ega.
Terakning tez o'sishi tabiiy resurslarni qisqa vaqt ichida to'ldirish imkonini beradi. Uning yuz yilgacha yashayligan turlari ham bor Masalan, mirzaterak va oqterak 30 yilgacha rivojlanib, 60-70 yil davomida yashaydi. YOg'ochi 8-10 yilda etiladi va gektaridan 500–900 kub metrgacha yog'och mahsuloti olinadi. Bu mebel` va tsellyuloza-qogoz sanoati uchun muhim xomashyo sanaladi. Uning tsellyulozasidan gazlama, pishitilgan ip tolasi tayyorlanadi.
Prezidentimiz raisligida 7 aprel` kuni o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida “YAshil makon” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar ham muhokama qilindi. Ma'lumki, loyiha doirasida bahor mavsumida 125 million tup ko'chat ekish rejalashtirilgan bo'lib, aprel` oyi yakuniga qadar tumanlardagi yirik mahallalarga 20-30 ming, o'rtalariga – 10-15 ming, kichiklariga – 3-5 ming, shaharlardagi har bir mahallada ham shuncha tup terak qalamchalari ekish tavsiya etildi. Avtomobil` yo'llari bo'yida esa, kamida 5 million tup terak ko'chatlari va qalamchalari ekish ishlari olib boriladi.
Boshqacha aytganda, uylar va ariqlar yonida, avtomobil` yo'llari va piyodalar yo'laklari bo'yida, ta'lim va sog'liqni saqlash muassasalari hududlaridagi bo'sh joylarga ming tupgacha terak ko'chati ekish kerak bo'ladi. Bu daraxtlarning barchasini mahallalar o'z balansiga oladi va aktiv sifatida joriy etiladi.
— Viloyatimizning 19 ta tuman va shahar hokimliklari hamda Mahalla va nuroniylarni qo'llab-quvvatlash bo'limlari, jamoatchilik tashkilotlari tomonidan terak ko'chatlari va qalamchalarini ekish, parvarishlash borasida keng ko'lamli ishlar davom etyapti, — deydi Farg'ona viloyati Mahalla va nuroniylarni qo'llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig'i Bahodir Xoliqov. — SHu kunga qadar mahallalar hududidagi ijtimoiy soha ob'ektlari, umumta'lim maktablari, tibbiyot muassasalarining bo'sh er maydonlari, zovur va kanal yoqalariga 10 million 156 ming tupdan ortiq terak ko'chatlari va qalamchalari ekildi.
YAxshi bilasiz, terak ko'chatini etishtirishning o'zi moliyaviy manfaat keltiradi. Bizda, asosan, ko'kterak, oqterak, mirzaterak, kaliforniya kabi turlari ekiladi. O'rtacha hisoblaganda 10 sotix erga 10 ming tup ko'chat sig'adi. Ular bir yildan so'ng bozorga olib chiqib 3 ming so'mdan sotilsa, 30 million so'mdan ortiq daromad beradi.
Poytaxtimizni ko'kalamzorlashtirishda terakni ko'paytirish ham tanlangani bejiz emas. Gap shundaki, terak boshqa barcha turdagi daraxtlar orasida megapolislarda eng yaxshi havo tozalagich vazifasini o'taydi. YUqorida qayd etilganidek, terak havodan karbonat angidridni yutadi va kislorod ishlab chiqaradi, bu, ayniqsa, osmonni qum-chang qoplagan paytlarda juda asqotadi.
Mutaxassislarning qayd etishicha, barcha turdagi teraklar juda tez o'sadi va shahar uchun foydali hisoblangan yashil massani ortiradi. Bundan tashqari, ular eng qiyin sharoitlarda tirband bo'lgan magistral yo'llar bo'ylab yoki sanoat korxonalari hududida yashab qolishga qodir va o'ta chidamli. Ularning uchib yuradigan tuklari bilan bog'liq muammo aslida juda oson hal qilinadi. Buning uchun tuk hosil qilmaydigan terak turlarini tanlash yoki pitomniklarda faqat ushbu yoqimsiz xususiyatdan mahrum bo'lgan erkak nihollarni ko'paytirishning o'zi kifoya.
“YAshil makon” dasturining bajarilishi muhokama etilgan videoselektor majlisida Innovatsion rivojlanish vazirligi zimmasiga allergiya chaqirmaydigan terak daraxtlarini ekish bo'yicha ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish yuzasidan torshiriq berildi.
— Vazirligimiz huzurida Xalqaro molekulyar allergologiya Markazi faoliyat ko'rsatadi, — deydi Ibrohim Abdurahmonov. — Markaz tomonidan havodagi gulchangi miqdorlarining monitoringini yo'lga qo'yish maqsadida Toshkent shahrining ikki hududida Markaziy Osiyo va MDH davlatlarida birinchi bo'lib zamonaviy qurilmalar – gulchangi qopqonlari o'rnatildi Bu qurilmalar 60 –70 kilometr radiusdagi gul changini aniqlay oladi. Ular yordamida uzluksiz o'tkazilayotgan aerobiologik monitoring natijalari asosida avtomatlashtirilgan ma'lumotlar bazasi yuritilib, Toshkent shahrida gul changi tarqalishi xaritasi tuzildi. Bu xarita aholi o'rtasida allergik muammolar kelib chiqishining oldini olishda juda qo'l keladi. SHu bilan birga, 8 ta ana shunday qopqonni respublikamizning boshqa hududlarida o'rnatish ishlari olib borilyapti
va ular ham joriy yilning 1 iyuliga qadar to'la ishga tushiriladi.
Markazda zamonaviy ALEX mul`tipleks allergochip yordamida 282 ta allergenlarga sezgirlik tekshiruvlari bepul o'tkazilib kelinyapti. O'tgan bir yilda 1 021 nafar bemorda ushbu usulda allergiyaga ta'sirchanlikni o'rganish natijasida, sarv (kiparis), qoraqayin, finik pal`masi, zaytun, oq qayin, qora terak, yunon va o'rmon yong'og'i daraxtlari gul changlariga nisbatan aholining allergiyasi yuqoriligi aniqlandi. YA'ni, bu daraxtlarning eng ko'p allergiya chaqirishi ma'lum bo'ldi. SHu bois ulardan shaharni obodonlashtirishda foydalanish tavsiya etilmaydi.
Bahor mavsumida Toshkent shahrida 13 turdagi manzarali daraxtlardan gulchanglar keng tarqalishi aniqlanib, eng ko'p holatlar qarag'ay va sarvda, kam jihatlar esa tol, eman, qayrag'och va shumtol daraxtlarida kuzatildi. Tadqiqotlar qayin gulchanglarining yuqori allergenligini hamda sarvga nisbatan allergiyaning keng qo'zg'atishini ko'rsatdi. CHinor, jo'ka, eman, majnuntol changi kontsentratsiyasi juda yuqori bo'lishiga qaramay, ularga nisbatan tadqiqotda qatnashgan aholi orasida allergiya aniqlanmadi. SHunga ko'ra, turar-joy ob'ektlari atrofida bu daraxtlarni ekish tavsiya etiladi.
Hududlarda terak daraxtini ko'paytirishda allergik reaktsiyalar yuzaga kelishining oldini olish bo'yicha ham tavsiyalar ishlab chiqildi. Tadqiqotlarga ko'ra, terak va uning paxmoqlari bevosita allergik reaktsiyaga sabab bo'lmaydi. Uni terak paxmoqlariga joylashib olgan boshqa o'simliklarning gulchanglari yoki zararli moddalar, chang zarralari qo'zg'atadi.
Terak (onalik tupidagi) paxmog'i ana shu chang va gulchanglarni o'ziga singdirib oladi (adsorbtsiya) va tashuvchi sifatida ko'z va burun shilliq pardalari orqali allergiyaga moyil odamlarda allergik holatni yuzaga keltiradi. SHunga ko'ra, terakning allergenligi bilvosita hisoblanadi.
Tadqiqot natijalari asosida, mahalliy tuproq-iqlim sharoitlariga moslashtirilgan allergensiz daraxt va butalar ro'yxati shakllantirildi. Unga muvofiq, aholi yashash joylari va yo'l chekkalarida “Mirza terak”, “Qizil terak”, “Tog' terak”, “Turang'il terak”, “Oq terak”, “Bolle terak”, “Kaliforniya teragi”, “Baqa (baxofena) terak” turlari asosida olingan navlar tavsiya qilinadi. Aksincha, allergiyani qo'zg'atishda adsorbentlik xususiyati yuqori bo'lgan “Qora terak” va “Ko'k terak” navlarini ekish tavsiya etilmaydi.
Teraklar ekiladigan maydon va uning atrofida sarv, xurmo, zaytun, qayin, yong'oq kabi daraxt va butalarni etishtirish allergiya nuqtai nazaridan maqbul sanalmaydi. SHuningdek, gulchangi allergiya qo'zg'atuvchi hisoblanadigan shuvoq, qichitqi o't kabi yovvoyi o'tlardan terakzorlarni tozalab turish lozim.
Terak daraxtlarining allergik ta'sirini kamaytirish maqsadida, ularni kashtan, oddiy eman, dala chinori, oq akatsiya kabi kam allergenli daraxtlar bilan birgalikda ekish maqsadga muvofiq bo'ladi.
— Vazirligimiz tomonidan “Terak etishtirish, ekish, ko'paytirish va parvarish qilish” bo'yicha uslubiy qo'llanma ishlab chiqildi, — deydi Innovatsion rivojlanish vazirligi bo'lim boshlig'i Aktam Daliev. Mutaxasislarimiz va Qishloq xo'jaligi vazirligi, O'rmon xo'jaligi davlat qo'mitasi, O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Xalqaro alergologiya markazi mas'ul xodimlaridan iborat ishchi guruhi tuzilgan. Guruh a'zolari hududlarning o'ziga xos tuproq-iqlim sharoitlaridan kelib chiqqan holda, terak navlarini tanlash, uni boshqa daraxtlar bilan birgalikda ekishni tashkil etish va parvarishlash bo'yicha joylarda amaliy seminar va taqdimotlar tashkil etilyapti.
Muxtasar aytganda, terak nafaqat xalq xo'jaligi va sanoat ishlab chiqarishida, balki obodonlashtirish, ihota maydonlarini tashkil etish va ekologik tozalikni ta'minlashda ham muhim ahamiyatga ega. Lekin u oq yoki ko'k terak bo'lishidan qat'i nazar, mutaxassislarning tavsiyalariga amal qilgan, er-tuproq va iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda ekilsa, yanada foydali bo'ladi, yurtimizni yashillikka burkashga ko'proq xizmat qiladi.
Abdurauf QORJOVOV,
“YAngi O'zbekiston” muxbiri









