Ular ikki yil muddat oraligʻida ilmiy izlanishlar olib borgan holda, mehnat bozorida har tomonlama talablarga javob bera oladigan yetuk, raqobatbardosh kadr boʻlib yetishish uchun olgʻa intildilar. Amaliy harakatlar pirovardida bugun ular orasidan turli davlat mukofotlari sohiblari, tanlovlar gʻoliblari, yosh ixtirochilar, sport ustalari, ilmiy salohiyati yuqori boʻlgan kadrlar yetishib chiqdi. Eng quvonarlisi, ushbu yoʻnalishda gender tenglik sezilarli ravishda taraqqiy etib, joriy yilda magistr bitiruvchilarning 141 nafarini qizlar tashkil etdi.
“Magistrlik diplomini quvonch bilan qoʻliga tutgan har bir talabamiz hayotda oʻz gʻalabalari sari parvozga oshiqib turibdi. Ular oʻz oldiga katta maqsad va rejalar qoʻygan. Magistraturaning 26 ta yoʻnalishida oʻz dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilgan yoshlarimiz kelajakda ham ulkan yutuqlarga erishishiga ishonchimiz komil. Chunki har birining qobiliyati, iqtidori, salohiyati va layoqati kuchli ustozlar nigohida sinovdan oʻtdi, taʼlim-tarbiya oldi,” – deydi universitetning magistratura boʻlimi rahbari - Zilola Sobirova.