Maʼlumki, Qashqadaryo viloyatining qishloq xoʻjaligidagi eng asosiy muammolardan biri suv tanqisligidir. Hatto biror fermerning suvni koʻproq sarflashi ham narigi xoʻjalikdagi ekinlarga suv bormay qolishiga sabab boʻladi.
Shu boisdan ham viloyatdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchi har bir subyekt ekinlarini sugʻorishda suvdan toʻgʻri va samarali foydalanishi talab etiladi.
Ammo Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Qashqadaryo viloyat boshqarmasi va tuman boʻlimlari tomonidan oʻtkazilgan nazorat tadbirlari jarayonida bu borada koʻplab qonunbuzilish holatlari aniqlanmoqda.
Jumladan, Nishon tumanidagi “Berdiyev Jaylov” hamda “Sobir Abdusamatovich” fermer xoʻjaliklari gʻalla maydonlarini sugʻorish davomida suvning bir qismini hududdagi kollektorga oqizib qoʻygani aniqlandi.
Shuningdek, Qamashi, Muborak tumanlarida ham fermer xoʻjaliklari ishchilari tomonidan gʻalla maydonlarini kullatib sugʻorish, isteʼmol uchun zarur boʻlganidan koʻp suv olib, ortiqcha qismini hududdagi kollektorlar yoki boʻsh maydonlarga oqizib qoʻyish bilan bogʻliq koʻplab holatlar qayd etildi.
Joriy yilning yanvar – aprel oylari davomida viloyatda umumiy hisobda 2690 ta holatda qishloq xoʻjaligida suvdan foydalanish bilan bogʻliq kamchilik va qonunbuzilishlar roʻyxatga olingan.
Huquqbuzarlarga nisbatan “Oʻzagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi hamda tuman boʻlimlari tomonidan vakolat doirasida 577 ta (181 million 440 ming soʻm) maʼmuriy, 26 ta (1 million 14 ming soʻm) jarima sanksiyalar qoʻllanildi. 92 ta holat yuzasidan maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ishlarni koʻrib chiqishlik uchun toʻplangan hujjatlar sudlarga kiritilishi taʼminlandi.
Bundan tashqari, huquqbuzarlik sodir etilishini erta oldini olish maqsadida 1964 ta suvdan foydalanuvchilar va suv isteʼmolchilariga rasman ogohlantirishlar berildi.
Oybek Toʻraqulov,
“Oʻzagroinspeksiya” ning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi
katta inspektori