Harakatning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanmoqda:
– jamiyatda yangi ma'naviy makon yaratish, ezgu g'oyalar, milliy qadriyatlar, urf-odatlar, muqaddas an'analarni singdirishga qaratilgan tizimli targ'ibot- tashviqot ishlarini olib borish;
– mahallalarda oilalarni mustahkamlash, farzand tarbiyasida ota-onaning mas'uliyati, ibratli ota-ona bo'lishning ahamiyati, ma'rifatli jamiyatni qurishda ma'rifatli onalarning rolini keng targ'ib qilish;
– ayollar, ayniqsa, yosh qizlarda oilaga va Vatanga sadoqat, fidoyilik, tashabbuskorlik tuyg'ularini singdirish, “odobli qiz” va “ma'rifatli ona” qiyofasini shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
– farzand, ayniqsa, qizlar tarbiyasi, oila, onalar ma'naviyatini yuksaltirish, oilalarda kitobxonlik, mutolaa madaniyatini targ'ib etish, o'zaro mehr-oqibat va hamjihatlikni shakllantirish, oilaning tarbiyaviy-ta'lim salohiyatini mustahkamlashga ko'maklashish;
– yoshlar o'rtasida oilaviy-xuquqiy munosabatlar, oilaviy hayot psixologiyasi, oila iqtisodi va byudjeti, reproduktiv salomatlik asoslari, ma'naviy-axloqiy qadriyatlarga nisbatan hurmat ruhida bo'lish masalalarini hamda “Oila - muqaddas” tushunchasini keng targ'ib qilish;
– xotin-qizlarning mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini oshirish, ularga qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini xalqchil tilda tushintirish.
Harakat, qoida tariqasida, Qo'mitada - 50 nafar, tegishlicha Qoraqalpog'iston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo'mitasi, viloyatlar va Toshkent shahar oila va xotin-qizlar boshqarmalarida - 35-40 nafardan, tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo'limlarida - 30 nafardan faol va tashabbuskor ayollardan iborat tarkibda shakllantiriladi.
Bunda tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo'limlari tomonidan har bir mahallada 15 nafar faol va tashabbuskor ayollardan iborat Harakatning boshlang'ich guruhlari tashkil etiladi;
Qo'mita raisi, Qoraqalpog'iston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo'mitasi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar oila va xotin-qizlar boshqarmalari, tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo'limlari boshliqlari tegishlicha Qo'mita, Qoraqalpog'iston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo'mitasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar)larda “Oqila ayollar” harakati faoliyatini samarali tashkil etishga shaxsan mas'ul hisoblanadi;
Harakat va uning boshlang'ich guruhlari tarkibiga kiritilgan faol va tashabbuskor ayollar Harakat tomonidan “Ma'rifat” targ'ibotchilar jamiyati bilan hamkorlikda mahallalarda ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog'lomlashtirish, farzand tarbiyasi, oila va xotin-qizlar ma'naviyatini yuksaltirish yo'nalishida amalga oshirgan ishlarining natijadorligiga ko'ra jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan rag'batlantirib boriladi.
Bunda faol va tashabbuskor ayollar faoliyati natijalari bo'yicha tegishlicha Qo'mita raisi, Qoraqalpog'iston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo'mitasi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar oila va xotin-qizlar boshqarmalari, tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo'limlari boshliqlari tavsiyasiga asosan davlat mukofotlari, “Mo''tabar ayol”, “Mahalla iftixori”, “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni va boshqa esdalik, ko'krak nishonlari, idoraviy mukofotlarga tavsiya etilishi, shu jumladan, sanatoriylarda davolanish uchun yo'llanmalar berilishi mumkin.
Harakat tarkibiga kiritilgan faol va tashabbuskor ayollar ichidan ochiq ovoz berish yo'li bilan Harakat (boshlang'ich guruh) etakchisi saylanadi.