Oʻqishga kiritib qoʻyish evaziga 15000 AQSH dollari olmoqchi boʻlgan shaxs qoʻlga olindi

    Xavfsizlik 1 Mart 2021 722

    Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga qilingan murojaat asosida oʻqishga kiritib qoʻyish evaziga 15000 AQSH dollari olmoqchi boʻlgan shaxs qoʻlga olindi.

    Joriy yilning 17-fevral kuni fuqaro Yu.R. Agentlikka murojaat qilib, oʻzini Oʻzbekiston Respublikasi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi “komplayens-nazorat” boʻlimi xodimi deb tanishtirgan D.M., undan tanishini Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga davlat granti asosida oʻqishga kiritib qoʻyishni vaʼda qilib, evaziga 15000 AQSH dollari talab qilayotganligini bildirdi.

    Joriy yilning 26-fevral kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, DXX hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Olmazor tuman boʻlimi xodimlari tomonidan hamkorlikda oʻtkazilgan tadbir davomida, fuqaro D.M. kelishilgan 15000 AQSH dollarini olayotgan vaqtda jinoyat ustida qoʻlga olindi.

    Mazkur holat yuzasidan D.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.