Bolalar ombudsmani kotibiyatiga ijtimoiy tarmoq orqali video kelib tushdi.Mazkur videodagi holat Bolalar ombudsmani tomonidan oʻrganildi.
Aniqlanishicha, joriy yilning 5-mart kuni Margʻilon shahar 29-umumiy oʻrta taʼlim maktabining ingliz tili oʻqituvchisi, 2000-yilda tugʻilgan M.E. oʻquv jarayonining 6-soat darsini 5-D sinfiga oʻtayotganda shu sinfning oʻquvchisi 23.08.2012-yilda tugʻilgan U.J. xojatxonaga chiqib kelishni soʻragan, oʻqituvchi javob bermagan.
Bola zarurat yuzasidan sinfdan chiqqan va birozda qaytgach, oʻqituvchi uning ruxsatsiz harakatidan va gaplashib oʻtirishidan jahli chiqib oʻz qoʻl telefonini oʻquvchiga qarata otgan.
Telefon U.J. ga tegib, oqibatda uning bosh qismi yorilgan. U.J. ga maktab hamshirasi tomonidan birinchi yordam koʻrsatilib, boshi bogʻlangan.
Uyga shu holatda borgan vaqtida bolaning onasi U.G. jarohatdan xabar topib, uni shifoxonaga olib borgan va bolaga zaruriy tibbiy muolajalar koʻrsatilgan.
Hozirda oʻqituvchining harakati yuzasidan tuman IIB tergovga qadar tekshiruv olib bormoqda. Bu borada qoʻshimcha maʼlumot beriladi.