Oʻqituvchi gap qaytargan oʻquvchini jazoladi

    Ta'lim 25 Sentabr 2024 669

    Ijtimoiy tarmoqlarda Chilonzor tumanidagi 188-maktabda oʻqituvchi oʻquvchini kaltaklagani haqida xabar tarqaldi.

    Toshkent shahar maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasining maʼlum qilishicha, holat Chilonzor tumanidagi 188-sonli umumtaʼlim maktabida 2024-yil 23-sentyabr kuni taxminan tushdan keyin soat uchlarda kuzatilgan. 6-“V” sinfida dars oʻtayotgan rus tili fani oʻqituvchi R.O.ga oʻquvchi E.G. gap qaytargan va tortishib qolgan.

    Soʻngra oʻqituvchi R.O. oʻquvchi E.G. ni qulogʻidan choʻzgan, oʻtirgan joyidan partasidan tortib olib chiqqan va oʻquvchining yuziga tarsaki tushirgan.

    Oʻquvchiga tan jarohati etkazmagan, salomatligi joyida.

    Bundan xabar topgan oʻquvchi E.G.ning ota-onasi oʻqituvchining bu xatti-harakati yuzasidan huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan. Ayni paytda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

    Maʼlumot oʻrnida shuni maʼlum qilamizki, rus tili fani oʻqituvchisi R.O. sinov muddati bilan maktabga ishga taklif qilingan, rasman u 188-maktabga ishga qabul qilingani boʻyicha hali buyrugʻi chiqmagan va yuqoridagi voqea uning dastlabki ish kunida sodir boʻlgan.