— Joriy yilning 22-aprel kuniga qadar viloyatimizdagi sogʻliqni saqlash hamda taʼlim tizimi xodimlari tomonidan adliya organlariga jami 368 ta murojaat kelib tushdi, — deydi Samarqand viloyat Adliya boshqarmasi Inson huquqlarini himoya qilish boʻlimi boshligʻi R.Ahrorov. — Ularning 84 tasi sogʻliqni saqlash tizimiga oid boʻlsa, 284 tasi taʼlim tizimiga toʻgʻri kelmoqda. Olib borilgan amaliy chora-tadbirlar natijasida murojaatlarning 254 tasi qanoatlantirildi. Shundan 42 ta murojaat boʻyicha huquqiy yordam koʻrsatilib, 1 ta murojaat tegishliligi boʻyicha vakolatli organlarga yuborildi. Qolgan 52 ta murojaat hozirgi paytda ish yurituviga qaratildi.

Ochigʻini aytish kerak, bugungi kunda viloyatda aynan mazkur ikki tizimda xodimlarga ish haqlari belgilangan muddatda toʻlanmasligi (78 ta), ustamalarning toʻlanmasligi (479 ta), foydalanilmagan taʼtillar uchun pullik kompensatsiya toʻlab berilmasligi (16 ta), olis hududlarda ishlovchi oliy maʼlumotli mutaxassislarga bir martalik moddiy yordam puli va uy-joyni ijaraga olganlik uchun kompensatsiya pullarining toʻlab berilmasligi (43 ta) singari qonunbuzilishi holatlari koʻp uchramoqda. Bu birgina aksiya doirasidagi murojaatlar asosida aniqlangan holatlar xolos.

Jumladan, Payariq tumanidagi umumtaʼlim maktablarida oʻtkazilgan monitoringlarda ham ana shunday holatlar aniqlandi. Yaʼni, tumandagi umumtaʼlim maktablarida ishlovchi jami 27 nafar pedagog xodimlarga jami boʻlib 11 mln. 838 ming 822 soʻm miqdorida ustama haq toʻlovlari toʻlab berilmagan. Holat yuzasidan tuman Xalq taʼlim boʻlimiga taqdimnoma kiritilib, muammo ijobiy hal etildi.

Vaholanki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30 sentabrdagi 823-son qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining oʻrnak koʻrsatgan xodimlarini ragʻbatlantirishning direktor jamgʻarmasini tashkil etish va uning mablagʻlaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 6-bob, 21-bandida pedagog xodimlarning faoliyatini baholash mezonlari asosida toʻplagan umumiy ballari boʻyicha ularga toʻlab beriladigan ustama haqlari miqdori koʻrsatilgan.

Bundan tashqari, Paxtachi tumani Mirzo Ulugʻbek mahallasida yashovchi fuqaro D.Nurmanova Samarqand viloyat Maktabgacha taʼlim boshqarmasining 2020-yil 17-sentyabrdagi 267-q-sonli buyrugʻi bilan tumandagi 44-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti direktori lavozimiga ishga tayinlangan boʻlsa-da, unga 2020-yil oktyabr oyidan 2022-yil yanvar oyiga qadar oylik ish haqlari toʻlab berilmagan.

Fuqaroning ushbu murojaati asosida tuman adliya boʻlimi tomonidan olib borilgan oʻrganishlarda ham bu oʻz tasdigʻini topgan va fuqaroning 2020-yil oktyabr oyidan 2022-yil yanvar oyiga qadar toʻlanmagan jami 29 mln. 489 ming 528 soʻm ish haqini undirish boʻyicha fuqarolik ishlari boʻyicha Kattaqoʻrgʻon tumanlararo sudiga ariza berilib, sudning buyrugʻiga asosan ustamalar undirilib berildi.

Qolaversa, Ishtixon tuman Adliya boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktyabrdagi PF-6099-son Farmoni (13-bandi) bilan 2021-yil 1-yanvardan boshlab barcha davlat organlari va tashkilotlarida sogʻlom turmush tarzi va ommaviy sportni rivojlantirish maqsadida mehnat jamoalarida faoliyat yuritayotgan xodimga “Sport targʻibotchisi” qoʻshimcha vazifasini yuklash va uning baʼzaviy lavozim maoshiga 20 foiz miqdorida ustama toʻlab borilishi belgilangan. Biroq monitoringlar jarayonida tuman Xalq taʼlimi boʻlimi tizimidagi maktablardagi 70 nafar xodimga “Sport targʻibotchisi” qoʻshimcha vazifasi buyruq bilan yuklatilgan boʻlishiga qaramay, ularga jami 350 000 000 soʻm ustama toʻlovlari toʻlanmaganligi maʼlum boʻldi.

Mazkur ustama toʻlovlarini undirish borasida Fuqarolik ishlari boʻyicha tuman sudiga daʼvo arizalari kiritilib, xodimlarning huquqlari taʼminlandi. Adliya organlari tomonidan sogʻliqni saqlash va taʼlim tizimi xodimlarining manfaati yuzasidan masʼul tashkilotlar rahbarlariga 450 ta taqdimnoma, 480 ta ogohnoma, 35 ta maʼmuriy javobgarlikka tortish yuzasidan takliflar hamda sudlarga umumiy qiymati 1 mlrd. 411 mln. soʻmlik 265 ta daʼvo arizalari kiritildi. Muhimi, koʻrilgan taʼsir choralari natijasida 1 mlrd. 204 mln. soʻm mablagʻlarning (ish haqi, ustama va boshqa toʻlovlar) soha xodimlariga undirilib berilishiga erishildi. Shuningdek, noqonuniy boʻlgan 190 ta hujjat bekor qilinib, 297 nafar shaxs intizomiy, 34 nafar shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortilishi taʼminlandi.

Aksiya doirasida oʻrganishlar davom etmoqda.

Samarqand viloyat Adliya boshqarmasi

Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi