Prezidentimizning maktab bitiruvchilariga murojaatini biz, pedagoglar taʼlim sohasi uchun yoʻllangan tabrik, yuksak eʼtibor va ishonch namunasi sifatida qabul qildik. Koʻp yillik oʻqituvchilik faoliyatimda bunday noyob voqelik kuzatilmagan va mutlaqo kutilmagan edi. Taʼbir joiz boʻlsa, bu qutlov tarix sahifasida ochilgan yangi sahifa, yosh avlodga yangicha nigoh va yangicha yondashuv namunasi boʻldi, deb yozadi Termiz shahridagi 11-maktab oʻqituvchisi, “Shuhrat ”medali sohibasi, Xalq deputatlari Termiz shahar kengashi deputati Dilbar NORMURODOVA.

Bugun yurtimizda taʼlim sohasiga juda katta eʼtibor qaratilayotganini keng jamoatchilik eʼtirof etyapti. Koʻp yillik ish tajribasiga ega pedagog sifatida eʼtirof etishim kerak: biz, oʻqituvchilarga yaratilayotgan sharoitlar hammaning havasini keltiryapti. Oylik maoshlarning bosqichma-bosqich oshirilayotgani, muallimlarning turli hashar, majburiy mehnat, kasbiga daxli yoʻq majlislardan ozod etilgani, qogʻozbozlikning keskin qisqartirilganini albatta taʼkidlashimiz shart.

Navbat bilan hamkasblarimiz dam olish maskanlarida salomatligini tiklab kelmoqda. May oyigacha boʻlgan vaqt oraligʻida maktab direktorlari dam olib kelgan boʻlsa, endi fan oʻqituvchilari va sinf rahbarlari sanatoriylarga joʻnash arafasida. Viloyatimizda yangi ochilgan sihatgoxda dam olib qaytgan qirq yillik ish tajribasiga ega tarix fani oʻqituvchisi “Mazza qilib dam oldim, sharoitga gap yoʻq, boʻlar ekan-ku... Mana eʼtibor, mana eʼzoz”, dedi faxr va gʻurur bilan ogʻiz toʻldirib. Roʻzgʻor, turmush tashvishlaridan ortmay, yozgi taʼtilda ham uy yumushlariga shoʻngʻib ketgan, oʻzi uchun vaqt ajratishga imkon topmagan ustozlar mehnati bugun qadr topdi, eʼzozlanyapti.

Banklarda oʻqituvchilar uchun imtiyozli avtomobil krediti olish uchun yaratilgan shart-sharoitdan foydalanish istagida turgan huquq fani oʻqituvchisi “Muallimning ham koʻkragiga shamol tegar ekan-ku, hamkasb, nima deysiz “Tracker” olsammikan yoki “Cobalt”?” deydi. Oradan bir necha kun oʻtib boyagi hamkasbimiz ishga yangi avtomashinasida kelar ekan, hammamiz unga havas bilan boqamiz. Oʻqituvchiga eʼzoz, ehtirom, mehr-muhabbat qaytdi.

Muddatidan oldin talabalik baxtiga musharraf boʻlgan oʻquvchilarni aytmaysizmi? Ularga qarab bizning ham havasimiz kelmoqda. “Qani edi yoshligimiz ortga qaytsa-da, shunday imkoniyatlardan biz ham foydalansak”, deymiz. Bitiruvchilarimizning yetti nafari shunday imkoniyatni qoʻlga kiritdi. Jumladan, uch nafari Xitoy, bir nafari Polsha, qolganlari Toshkentdagi nufuzli universitetlarga imtiyozli qabul qilindi. Bunday yoshlarga havasing kelmay ilojing yoʻq.

Soʻnggi qoʻngʻiroq tadbirida qatnashgan bir otaxon “Qandingni ur, yangi Renessans bunyodkorlari”, dedi yoshlarga tilaklarini bildira turib. Bu gapdagi maʼno va havas hammani toʻlqinlantirib yubordi. Kuni kecha xuddi shunday muddatidan oldin talabalikni qoʻlga kiritgan yana bir oʻquvchimning chet elning oʻndan ortiq universitetiga oʻqishga qabul qilingani meni bexad quvontirdi. Oʻquvchim esa bolalikdagi orzusi sabab Toshkent davlat yuridik universitetini tanladi.

Bu kabi misollarni yana koʻplab keltirish mumkin. Buni katta daryoga quyilayotgan kichik jilgʻaga qiyoslash mumkin. Ha, bu yurtda qadr topgan ustozlar hech qachon charchamaydi, ular bunday eʼtibordan yana ham ilhomlanib ishlaydi. Nafaqadagi ustozimning “Koʻzlarimga surtdim tabrikni, yurak ustidagi choʻntagimga solib olib yuraman uni”, degan eʼtirofi ham bu chorlovning naqadar muhimligini isbotlaydi.

Begʻubor bolalikni ortda qoldirib, mustaqil hayot yoʻliga otlanayotgan yoshlarga yoʻllangan ushbu tabrik mazmun-mohiyati har bir pedagog, har bir ota-ona, har bir taʼlim fidoyisi yoki taʼlim sohasi vakillari uchun quvonch va ragʻbat boʻldi.

Bugun mamlakatimizda “Yangi Oʻzbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” degan shior umumxalq harakatiga aylangan. Bu harakat keng quloch yozib, oʻz natijasini bermoqda. Qisqa muddat ichida bunyod etilgan chiroyli maktablarni koʻrib koʻz quvnaydi, yangicha mazmun va shakldagi zamonaviy Prezident maktablari, ijod maktablari ixlosmandlari safi kunora oshib bormoqda.

Ona sifatida ham bugun quvonchim cheksiz. Qizim 9-sinfni tamomlayapti. Uning ham tabrikdan boshi osmonda. “Vatanimga, Prezidentimga sodiqman”, degan eʼtirofi onalik quvonchimni yana-da oshirdi. Murojaatda yoshlarimizning hayotda munosib oʻrin topishi va egallashi uchun davlatimiz barcha kuch va imkoniyatni safarbar etishi taʼkidlangan. Bu ishonch va eʼtibor bois maktabni bitirayotgan yoshlar yuzida shukuhli tabassum, yuraklarida oliy maqsad sari sobitqadamlik, dillarida oʻktam shijoat barq urib turibdi.

Kuni kecha “Soʻnggi qoʻngʻiroq” tadbirlarida jaranglagan qoʻngʻiroq ovozi ham yangi Oʻzbekiston — yangi Renessans davri yoshlari uchun oʻziga chorlov boʻldi. U oddiy tovush emas, yangi hayot ostonasiga qadam qoʻyayotgan, mustaqil hayotda yutuq va gʻalabalar kutayotgan kelajak bunyodkorlari uchun chalingan, tabrik xabarini jarchi boʻlib eltayotgan bong. Munavvar kelajakka chorlagan tabrik barchaga muborak boʻlsin.