"Internet ijtimoiy tarmoqlarida tarqalgan “Dahshat, Farg‘ona viloyati, Marg‘ilon shahridagi 15-sonli o‘rta maktabida o‘qituvchilar o‘rtasida razbor qilishlarini qaranglar” nomli videoxabar Farg‘ona viloyati IIB tomonidan o‘rganib chiqildi", deb yozmoqda viloyat IIB Axborot xizmati.

Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 19 dekabr kuni 15-maktabning 7-sinf o‘quvchisi M.O. dars paytida tashqariga chiqib kelish uchun o‘qituvchisi R.T. dan ruxsat so‘ragan, lekin o‘qituvchi javob bermagan bo‘lsa-da, ruxsatsiz tashqariga chiqib ketayotgan vaqtida, o‘qituvchi R.T.ning “Qush uyasida ko‘rganini qiladi” degan gapini eshitib, yaqinlari R.U. hamda U.R.larni chaqirib kelgan. Natijasida maktab o‘qituvchilari bilan sinf  xonasida o‘zaro janjal kelib chiqqan.

Janjal davomida o‘qituvchilar R.T. va   M.U. lar tan jarohati olib, shifoxonaga murojaat qilishgan.

"Mazkur holat Marg‘ilon shahar IIB tomonidan tegishli tartibda ro‘yhatga olinib, hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda", deyilgan xabarda.