Prezidentimizning 2020 yilning 6 noyabrda qabul qilingan “O'zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta'lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni hamda “Ta'lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarorida xalq ta'limi tizimidagi islohotlarni yanada takomillashtirish va ilmiy jihatdan qo'llab-quvvatlash bo'yicha aniq vazifalar belgilab berilgan edi.

Mazkur hujjatlarda xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish bilan bog'liq masalalarga ham alohida e'tibor qaratilib, sohadagi rahbar va pedagog-xodimlarni “hayot davomida o'qish” tamoyili asosida uzluksiz malaka oshirish tizimiga transformatsiya qilish vazifasi belgilangan.

Joriy yilgacha amaldagi tartibga ko'ra, pedagog-kadrlar har 5 yilda bir marta, rahbar va mutaxassis xodimlar esa har 3 yilda bir marta malaka oshirib kelgan.

O'qituvchining 5 yilda 1 oy, ya'ni 144 soatlik o'quv dasturi asosida malaka oshirishi va qolgan 4 yilu 11 oy hech qanday o'quvga jalb qilinmasdan, ularning o'z ustida ishlamasligi kasbiy malaka ko'nikmalari susayishiga sabab bo'lib, ta'lim sifati muammosi hukumat darajasiga ko'tarildi va joriy yilning 25 yanvar` kuni “Xalq ta'limi sohasidagi ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo'llab quvvatlash hamda uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to'g'risida” qaror qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, tizimda katta islohotlar amalga oshirildi.  A. Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti hamda BMTning O'zbekiston Respublikasidagi Bolalar jamg'armasi (UNICEF) bilan hamkorligida tashkil etilgan “Xalq ta'limi xodimlarini kasbiy rivojlantirish: erishilgan yutuqlar va istiqboldagi rejalar” mavzusida ilmiy-amaliy seminari mazkur vazifalar ijrosiga bag'ishlandi.   

Tadbirda xalq ta'limi xodimlarining malakasini oshirish tizimini va xalq ta'limi sektorini takomillashtirish borasidagi takliflar va echimlar, xalq ta'limi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish, ta'lim mazmunini takomillashtirishning dolzarb masalalari, sohalar o'rtasidagi o'zaro bog'liqlik: ta'lim va sog'liqni saqlash sohasidagi ijobiy natijalarni qo'llab-quvvatlash, malaka oshirish tizimidagi islohotlar va YUNISEF bilan qo'shma loyihalar natijalari (“Uzluksiz kasbiy ta'lim” LMS platformasi va xalqaro baholash dasturlariga tayyorgarlik) mavzulari doirasida mulohaza yuritildi.

Shuningdek, YUNISEFning ta'lim sohasidagi O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi bilan hamkorlik yo'nalishlari, O'zbekistonda ingliz tilini o'qitishni takomillashtirishda O'zbekistondagi Britaniya Kengashi va Xalq ta'limi vazirligi o'rtasidagi hamkorlik, maktab o'quvchilari uchun matematika fanidan baholash modelini yaratish borasida fikrlashildi.

Anjumanni tashkil etishdan ko'zlangan maqsad xalq ta'limi xodimlarini malaka oshirish tizimida bo'layotgan o'zgarishlar, reformalar hamda xalqaro tashkilotlar bilan shu sohani rivojlantirishga qaratilgan loyihalar natijalarini keng ommaga etkazish, BMTning O'zbekiston Respublikasidagi Bolalar jamg'armasi (UNICEF) bilan hamkorlikda olib borilgan loyihalar natijalari va sarhisobi bilan tanishishdir.