Oʻqituvchilar “Tashabbusli byudjet” loyihasida ovoz yigʻish uchun majburlanyaptimi?

    Ta'lim 24 Mart 2023 2159

    Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri “Tashabbusli byudjet” loyihasi faqat tashabbusga asoslanishi, bunda hech kimni majburlashga yoʻl qoʻyilmasligini taʼkidlab chiqdi.

    Maʼlumki, 2021-yilda tajriba tariqasida boshlangan “Tashabbusli byudjet” loyihasi oʻtgan 2 yil davomida xalqimiz tomonidan iliq qabul qilindi. Bugungi kunda yurtdoshlarimiz oʻz hududidagi hal etilishi lozim boʻlgan qator masalalarni “Open budget” portaliga joylab, imkon qadar koʻp ovoz yigʻish orqali ushbu tashabbusda gʻolib boʻlish uchun harakat qilishmoqda.

    Ushbu portalga joylanayotgan ijtimoiy loyihalar orasida maktabgacha va maktab taʼlimi muassasalarini taʼmirlash ishlari ham yetakchilik qiladi. Albatta, ushbu jarayonda oʻqituvchilar, oʻquvchilar hatto ota-onalar ham tashabbus koʻrsatib, oʻzlari mehnat qilayotgan, taʼlim olayotgan yoki farzandlari tahsil olayotgan taʼlim dargohini obod qilish uchun zarur ovoz berishda shaxsiy tashabbus koʻrsatmoqda.

    Biroq ijtimoiy tarmoqlar orqali joylarda baʼzi oʻqituvchilarga ushbu loyihada ovoz yigʻish uchun majburiy topshiriq berilayotgani, topshiriqni bajarishga beeʼtibor qarayotgan oʻqituvchilarga kerakli chora koʻrish bilan tahdid qilinayotganligi toʻgʻrisida xabarlar Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan jiddiy oʻrganilmoqda.

    Ayni damda “Vazirga murojaat” portaliga oʻqituvchilardan ushbu mazmundagi murojaatlar kelib tushmaganligini maʼlum qilamiz.

    Shuni alohida taʼkidlash lozimki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-avgustdagi tegishli qaroriga koʻra, xalq taʼlimi xodimlarini xizmat majburiyati bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarga jalb qilish taqiqlanadi.

    "Hurmatli oʻqituvchilar, maktabgacha va maktab taʼlimi muassasalari xodimlari!

    Agar sizning taʼlim maskaningizda oʻqituvchilarni ushbu loyiha doirasida majburiy ovoz yigʻishga jalb etish holatlari kuzatilsa, vazirlikning Ishonch telefoni (71-202-09-09)ga qoʻngʻiroq qilishingizni soʻraymiz. Sizning murojaatingiz asosida ushbu yoʻnalishda qonun buzilish holati aniqlansa, tegishli masʼul xodimlarga zarur taʼsir choralari koʻrilishi taʼminlanadi" deyiladi vazir munosabatida.