Taʼkidlanishicha, Maktabgacha taʼlim vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bilan hamkorlikda Toshkent viloyatining Oqqoʻrgʻon tumanidagi 5-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining 25 nafar tarbiyalanuvchilarining kasallanish holatini oʻrganib chiqdi.

2-avgustdan 11-avgustgacha intoksikatsiya sindromining klinik koʻrinishlari boʻlgan tarbiyalanuvchilar Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, Toshkent 1-shahar yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi, Toshkent viloyati bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi va Oqqoʻrgʻon tumani yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joyalashtirildi.

12-avgust holatiga koʻra, 6 nafar tarbiyalanuvchi ogʻir holatda jonlantirish boʻlimida davolanmoqda, shundan 1 nafar tarbiyalanuvchi oʻpkaning sunʼiy nafas berish moslamasiga ulangan boʻlib, holati oʻta ogʻir holatda qolmoqda. Qolgan 19 nafar tarbiyalanuvchilarning holati oʻrtacha ogʻir deb baholangan. Kasalxonaga yotqizilgan tarbiyalanuvchilardan bakteriologik tekshiruv oʻtkazish uchun tahlillar olingan va laboratoriyaga yuborilgan.

Epidemiologiyaga qarshi tadbirlarni muvofiqlashtirish va mahalliy mutaxassislarga uslubiy yordam koʻrsatish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan yuqumli kasalliklar boʻyicha mutaxassislar va epidemiologlar guruhi yuborilgan. Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari tomonidan konsilium oʻtkazilib kasalxonaga yotqizilgan tarbiyalanuvchilarga klinik koʻrinishlariga koʻra, “Botulizm-?” tashxisiga gumon qilingan. Yakuniy tashxis epidemiologik tekshiruv natijalari hamda bakteriologik tadqiqot maʼlumotlariga asoslanib qoʻyiladi. Davolanish davomida 21nafar tarbiyalanuvchilarning salomatligi holatida ijobiy oʻzgarishlar kuzatilmoqda.

Malumot uchun: Toshkent viloyati Oqqoʻrgʻon tumanidagi 5-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti 5 guruhga moʻljallangan. Maktabgacha taʼlim tashkilotida 136 nafar tarbiyalanuvchilar roʻyxatga olingan boʻlib, maktabgacha taʼlim tashkilotida markazlashtirilgan suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimi, alohida mahalliy isitish tizimi, tabiiy gaz oʻrnatilgan.

Kasallikka chalinmagan mazkur maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyalanuvchilari har kuni tibbiyot xodimlari tomonidan tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib nazoratga olinmoqda.

Bundan tashqari ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy profilda keltirilgan xabarga koʻra ushbu maktabgacha taʼlim tashkilotida 1 nafar tarbiyalanuvchining oziq-ovqat zaharlanishidan vafot etganligi keltirilgan.

Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, tarbiyalanuvchi Baxtiyorova Marjona Doniyor qizi 2021-yil 2-avgustgdan 7-avgustga qadar Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Toshkent viloyati filiali shifokorlari tomonidan “Shifoxonadan tashqari ikki tomonlama oʻchoqli pnevmoniya. Asoratlari: Yurak qon-tomir yetishmovchiligi. Miya shishi.” tashxisi qoʻyilib davolash ishlari olib borilgan, shifokorlarning harakatlariga qaramay pnevmoniya kasalligi asoratlariga koʻra yurak qon-tomir yetishmovchiligi tufayli 7-avgust kuni biologik oʻlim qayd etilgan.

Holat yuzasidan bugungi kunda huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tekshiruv-surishtiruv ishlari amalga oshirilmoqda, oʻtkazilgan tekshiruv natijalariga koʻra Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan qoʻshimcha maʼlumot beriladi, deyiladi Maktabgacha taʼlim vazirligi Axborot xizmati munosabatida.