Talabgorlar 10-iyulga qadar «Qishloq hududlarida xorijiy tillarni oʻqitish faoliyatini tashkil etish uchun nodavlat taʼlim tashkilotlariga subsidiya ajratish» xizmatidan foydalanishlari mumkin.

Bu turdagi subsidiya quyidagi maqsadlarda ajratiladi:

  • bino va oʻquv xonalarini zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari, mebel, asbob-uskunalar, oʻqitishning texnik vositalari va boshqa anjomlar bilan jihozlashga;
  • zarur darsliklar, oʻquv-metodik adabiyotlar va boshqa kutubxona-axborot resurslari hamda vositalari bilan taʼminlash, taʼlim jarayonini tashkil etishga jalb etiladigan pedagog kadrlar mehnatiga haq toʻlashga.

Quyidagi hujjatlar talab etiladi:

2 yilga moʻljallangan biznes reja;

  • mahsulot yetkazib berish yoki ishlarni, xizmatlarni bajarish toʻgʻrisida tuzilgan xoʻjalik shartnomalari;
  • pedagog kadrlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari;
  • pedagog kadrlarning xorijiy tilni bilish darajasini tasdiqlovchi sertifikatlari;
  • taʼlim jarayonida foydalanilayotgan bino yoki oʻquv xonalarining ijara shartnomasi (koʻchmas mulk ijarasi asosida faoliyat yuritayotgan nodavlat taʼlim tashkilotlari uchun).

Xizmatdan foydalanish mutlaqo bepul.