Ushbu tashabbus oʻquv markazlari salohiyatidan samarali foydalanish, iqtidorli oʻquvchilarni ragʻbatlantirish hamda ularning start-up loyihalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida oʻquv markazlarining oʻzida maxsus start-up sinflarini tashkil etishni nazarda tutadi.
Mazkur tashabbus nafaqat oʻquvchilarning bilimini oshirish, balki ularni real iqtisodiy jarayonlarga yaqinlashtirish, innovatsion fikrlashni shakllantirish va amaliy natijaga yoʻnaltirishni koʻzlaydi. Endilikda mamlakatimiz boʻylab faoliyat yuritayotgan yuzlab oʻquv markazlari va ularda tahsil olayotgan oʻquvchilar, shuningdek, oʻz start-up gʻoyalariga ega yoshlar oʻquv markazlarining oʻzida start-uplar yaratish va ularni keyingi bosqichga olib chiqish boʻyicha ham nazariy, ham amaliy bilimlarga ega boʻlish imkoniyatiga ega boʻladi. Ushbu markazlarda tashkil etilgan loyihalar bevosita mamlakatimizdagi yirik venchur tashkilotlari — Yoshlar Ventures, AloqaBank Ventures va IT Park Ventures tomonidan moliyalashtirilishi rejalashtirilmoqda.
Xoʻsh, nima uchun mazkur tizim yuqori natija berishi mumkin?
Birinchidan, hozirgi kunda mamlakatimizda 1 milliondan ortiq oʻquvchilar 6 000 dan ziyod oʻquv markazlarida xorijiy tillar, umumtaʼlim fanlari va zamonaviy kasblarni oʻrganib kelishmoqda. Aynan mana shu — oʻz xohishi va mablagʻlari hisobiga taʼlim olayotgan, asosan xorijiy tillarni oʻrganishga intilayotgan va yuqori motivatsiyaga ega yoshlar aynan oʻquv markazlarida jamlangan. Bu esa start-up ekotizimi uchun eng muhim omil boʻlgan faol, tashabbuskor va oʻsishga intiluvchi auditoriyani shakllantiradi.
Ikkinchidan, mamlakatimizdagi oʻquv markazlari oʻz salohiyati va resurslariga ega boʻlgan, start-up loyihalarini inkubatsiya qilish uchun mos muhitni taʼminlab bera oladigan maskanlardir. Ular nafaqat taʼlim berish, balki yoshlarni birlashtirish, jamoa bilan ishlashga oʻrgatish va innovatsion gʻoyalarni rivojlantirish uchun qulay platforma vazifasini bajaradi.
Uchinchidan, start-up sinflari faqat nazariy bilimlar bilan cheklanib qolmaydi. Ular yuqorida nomi keltirilgan venchur tashkilotlari hamkorligida real loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatini ham taqdim etadi. Bu esa oʻquvchilarni gʻoyani faqat reja darajasida qoldirmasdan, uni real mahsulot yoki xizmatga aylantirishga undaydi va amaliy natijaga erishishga motivatsiya beradi.
Toʻrtinchidan, oʻquv markazlari start-up loyihalarini toʻgʻridan-toʻgʻri venchur tashkilotlari bilan bogʻlaydigan muhim koʻprik vazifasini oʻtaydi. Natijada, yoshlar tomonidan ilgari surilgan gʻoyalar tezroq, tizimliroq va samaraliroq tarzda bozorga chiqish imkoniyatiga ega boʻladi.
Mazkur tizim qanday ishlaydi?
Mazkur tizim, eng avvalo, oʻquv markazlarining oʻzida maxsus “Start-up sinflari”ni tashkil etishdan boshlanadi. Bu sinflar anʼanaviy darsliklar va oʻquv dasturlaridan farqli ravishda, oʻquvchilarga biznes gʻoyalarni shakllantirish, bozor tahlilini oʻtkazish, prototip yaratish va biznes-rejalar tuzish boʻyicha chuqur nazariy hamda amaliy bilimlarni beradi.
Keyingi bosqichda eng istiqbolli loyihalar oʻquv markazi ichidagi ekspertlar tomonidan saralanadi va bevosita Yoshlar Ventures, AloqaBank Ventures hamda IT Park Ventures kabi yirik venchur tashkilotlariga taqdimot qilish uchun yoʻnaltiriladi. Ushbu tashkilotlar oʻz navbatida tanlab olingan start-uplarni moliyalashtiradi va ularni keyingi bosqichlarga olib chiqishda mentorlik, huquqiy yordam hamda bozorga chiqish strategiyalari bilan qoʻllab-quvvatlaydi.
Shu tariqa, oʻquv markazi oddiy taʼlim maskanidan innovatsion gʻoyalar shakllanadigan, rivojlanadigan va real iqtisodiy qiymatga ega loyihalar yetishib chiqadigan start-up ekotizimining muhim boʻgʻiniga aylanadi.
Muxammadxon Soliyev,
Buyuk Britaniyaning Northampton universiteti
hamda AQSHning San Diego universiteti bitiruvchisi,
Innovative Centre brendi asoschisi.








