Oʻquvchilar oʻrtasida yozma ishlar tanlovlarini muntazam oʻtkazish yoʻlga qoʻyiladi

    Hukumat 30 Sentabr 2024 542

    Bolalarning yozma ishlarini chuqur tahlil qilib, ularning orzu va intilishlarini aniqlab, mustaqil hayotga toʻgʻri yoʻnaltirish asosiy vazifa boʻlishi kerakligi taʼkidlandi.

    Prezidentimiz yana bir muhim masalaga eʼtibor qaratdi:

    “Siz, hurmatli ustozlar maktab oʻquvchilaridan «Men qanday kasb egasi boʻlmoqchiman?” degan mavzuda insholar, yozma ishlar olasizlar. Lekin, oʻquvchilar yozgan ana shu ishlar tahlili bilan kimdir shugʻullanyaptimi?
    Respublika va viloyat kesimida farzandlarimiz qaysi kasblarni eng koʻp tanlashmoqda?
    Eng muhimi, bolalarimiz tanlayotgan kasblarga kelajakda mehnat bozorida talab boʻladimi oʻzi?»

    Bolalarning yozma ishlarini chuqur tahlil qilib, ularning orzu va intilishlarini aniqlab, mustaqil hayotga toʻgʻri yoʻnaltirish asosiy vazifa boʻlishi kerakligi taʼkidlandi.

    Mutasaddilarga maktab oʻquvchilari oʻrtasida turli mavzularda insholar, yozma ishlar tanlovlarini oʻtkazishni muntazam yoʻlga qoʻyish va ularning tahlili boʻyicha yangi tizim yaratish topshirildi.

    Davlatimiz rahbari oʻquvchilarning kitobxonlik madaniyati doimo eʼtibor markazida boʻlishini taʼkidladi.

    Oʻquvchilarda kitobga boʻlgan qiziqishni oshirish, ularga kitobxonlik madaniyatini singdirish uchun alohida tanlov oʻtkazib, gʻolib boʻlgan yoshlarga avtomobil sovgʻa qilish yoʻlga qoʻyilgan.

    Mutasaddilarga bu ishlarni yanada ommalashtirish va kerak boʻlsa, eng olis qishloqdagi maktablarga ham yetkazish topshirildi.

    Buning uchun maktablardagi maʼnaviyat xonasi va kutubxonasi zarur texnika va optik tolali Internet tarmogʻi bilan taʼminlanadi, barcha maktablarning Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi elektron portalidan foydalanishi tashkil etiladi.